Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
G‘azodagilar sulhga rozi bo‘ldi. Isroil amaliyot maqsadiga erishilganini ma’lum qildi
«Islomiy jihod» guruhi vakillari Isroil bilan uch kunlik mojaroga yakun yasash uchun yakshanba kuni kechqurun Misr vositachiligidagi erishilgan sulhga roziligini bildirdi. So‘nggi kunlardagi harbiy harakatlar oqibatida 40 dan ortiq kishi halok bo‘lgan.
Isroil hukumati ham sulh kelishuviga erishilganini ma’lum qildi, shu bilan birga, agar o‘t o‘chishni buzish rejimi bekor bo‘lsa, kuch qo‘llashga tayyorligini qayd etdi.
Sulh mahalliy vaqt bilan soat 23:30 dan kuchga kirgan. Avvaliga bu soat 20:00 da boshlanishi ko‘zda tutilgandi.
«O‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitim matni Misr bilan kelishib olindi, bu bitim Misr ikki mahbus [Bassem] al-Sa’diy va [Xalil] Avavdexaning ozod etilishi ustida ish olib borishini nazarda tutadi», deyilgan «Islomiy jihod» guruhi vakili Muhammad al-Hindiy.
«Islomiy jihod» siyosiy qanotining yuqori martabali a’zosi bo‘lgan Sa’diy 1 avgust kuni G‘arbiy sohilda qo‘lga olingandi; jangari guruh vakili bo‘lgan Avavdex ham Isroil qo‘lida qolmoqda.
O‘z navbatida, Isroil bosh vaziri Yair Lapid G‘azo sektoridagi harbiy amaliyot o‘z maqsadiga erishgani, shu tufayli uni davom ettirishdan ma’no yo‘qligini aytgan.
G‘azo sektoridagi hozirgi keskinlik - 2021 yil mayidan buyon eng jiddiysi bo‘ldi. O‘shanda HAMAS va Isroil kuchlari o‘rtasidagi otishmalar 11 kun davom etgandi.
Avvalroq Isroil mudofaa vaziri Benni Gans G‘azoda boshlangan «Tongda» amaliyoti hali bir hafta davom etishini aytgandi.
«Biz «Islomiy jihod» raketa ishlab chiqarish va uchirish uchun foydalangan o‘nlab harbiy obektlarni yo‘q qildik. «Temir gumbaz» havo hujumidan mudofaa tizimida ishlayotgan askarlar nishonlardan ko‘z uzmay vatanni himoya qilishni davom ettirmoqda», degan Gans.
Isroil mudofaa armiyasi avvalroq G‘azodagi 26 ta nishonni yo‘q qilish uchun harbiy aviatsiya 16 tonna raketa va aviabomba sarflagani haqida xabar bergandi.
Mojaroning yangidan avj olishi juma kuni, G‘azoda «Islomiy jihod»ning yuqori martabali vakili Taysir al-Jabriy (Abu Maxmud) o‘ldirilgach boshlandi. Shanba kuni Isroil harbiylari tashkilotning yana bir yetakchisi Xolid Mansurni ham yo‘q qildi.
Falastinliklar Isroil zarbalari oqibatida 43 kishi halok bo‘lgani, shundan 15 nafari bolalar bo‘lganini ma’lum qilgan. 300 dan ortiq kishi yaralangan.



Bu hujumlarga javoban G‘azodan Isroilga qariyb 400 raketa uchirilgan. Isroil tomoniga ko‘ra, ularning aksar qismi havo hujumidan mudofaa tizimi orqali to‘xtatib qolingan.