Jahon | 08:19 / 09.08.2022
13340
2 daqiqa o‘qiladi

RF o‘z yadroviy qurollari AQSh tomonidan tekshirilishini to‘xtatdi

Rossiya AQSh tomonidan o‘z yadroviy inshootlari tekshirilishi to‘xtatilganini e’lon qildi. Bunday tekshiruvlar Strategik hujum qurollarini qisqartirish to‘g‘risidagi shartnomada nazarda tutilgan.

Foto: AFP

Rossiya AQSh tomonidan o‘z yadroviy arsenali tekshirilishini to‘xtatdi. 8 avgust, dushanba kuni RF TIVda ma’lum qilinishicha, Rossiya «shartnoma bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkaziladigan obektlarni SHQ shartnomasi bo‘yicha tekshiruvdan vaqtinchalik olib qo‘yadi».

Rossiya TIV o‘z qarorini Rossiyaga nisbatan joriy qilingan sanksiyalar va koronavirus pandemiyasi bilan izohladi. Shu tariqa, vazirlik ko‘plab mamlakatlarning havo hududi «Rossiya tekshiruv guruhlarini yetkazib beradigan Rossiya samolyotlari uchun yopiq» ekanligini bildirdi. Bu, Rossiya tomonining fikricha, «AQSh uchun bir tomonlama afzalliklarni yaratadi va Rossiya Federatsiyasini Amerika hududida tekshiruvlar o‘tkazish huquqidan mahrum qiladi».

Bundan tashqari, RF TIV koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan «og‘ir epidemiologik vaziyat»ga ishora qilib, bunday sharoitda tomonlar Strategik hujum qurollarini qisqartirish bo‘yicha shartnoma (SHQSh) doirasida tekshiruv faoliyatini qayta boshlash urinishidan voz kechishi kerakligini bildirdi.

Strategik hujum qurollarini qisqartirish to‘g‘risidagi shartnoma AQSh va Rossiya o‘rtasida qurol nazorati bo‘yicha bir vaqtlar keng qamrovli shartnomalar tizimining qolgan yagona elementidir. Bu kelishuv, xususan, uzoq masofali raketalar kabi strategik yadroviy qurollar sonini cheklaydi. SHQShga ko‘ra, har bir davlat 800 tadan ortiq yadroviy qurol tashuvchisiga va 1550 tadan ortiq kallakka ega bo‘lishi mumkin. 2021 yilning fevralida AQSh prezidenti Jo Bayden va uning rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin kelishuvni (SHQ-3) 2026 yilgacha uzaytirdi.

Shartnoma Vashington va Moskvaning yadroviy qurollarni o‘zaro tekshirishini nazarda tutadi. Biroq, koronavirus pandemiyasi tufayli 2020 yilning mart oyidan boshlab tekshiruvlar to‘xtatilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid