Jahon | 14:09 / 11.08.2022
10472
4 daqiqa o‘qiladi

Navalniy o‘zi o‘tirgan koloniya rahbariyatini sudga berdi

Muxolifatchi Vladimir oblastidagi 6-sonli qattiq tartibli koloniya mahbuslar ishlab chiqaradigan mahsulotlarning buyurtmachisi haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilishdan bosh tortganiga norozilik bildirdi.

Foto: Picture Alliance

Rossiyalik muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniy o‘zi jazo muddatini o‘tayotgan Vladimir oblasti Melexovo qishlog‘idagi 6-sonli qattiq tartibli koloniyani sudga berdi. Bunga koloniyaning mahbuslar ishlab chiqaradigan mahsulot buyurtmachisi haqidagi ma’lumotlarni oshkor etishdan bosh tortgani sabab bo‘lgan. Bu haqda 10 avgust, chorshanba kuni Vladimir oblasti umumiy yurisdiksiya sudlari qo‘shma matbuot xizmati o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi. 

Matbuot xizmatiga ko‘ra, koloniya ma’muriyati «mijozlarning axloq tuzatish muassasalarida o‘z mahsulotlarini ishlab chiqarilishi haqidagi ma’lumotlarni tarqatishga roziligi yo‘qligi sababli» bu ma’lumotni berishdan bosh tortgan. Navalniyning advokatlari qonunchilikda ma’lumot berishdan bosh tortish uchun bunday asos yo‘q va rad etish qonunga zid, deb hisoblayapti. 

Navalniyning aytishicha, u Melexovo koloniyasida tikuvchilik kasbini egallagan. «Biz qandaydir ahmoq kamarlarni tikmoqdamiz va to‘g‘risini aytsam, ular darhol tashlab yuborilishiga aminman, bularning bari esa mening «qamoqxonadagi qamoqxonam»ning g‘alati maxfiy sanoat zonasini ish bilan yuklash uchun o‘ylab topilgan», deb yozgan siyosatchi Instagram ijtimoiy tarmog‘ida iyul oyi o‘rtalarida. 

6-sonli koloniya mahbuslarni qiynoqqa solish haqidagi xabarlar bilan mashhur. Xususan, 2021 yilda Vladimir oblasti koloniyalarida 2009 yildan 2021 yilgacha o‘tirgan Pavel Zotov shafqatsiz munosabat haqida gapirib berdi. Uning eslashicha, 6-koloniyada politsiya kiyimidagi mahkumlar uni polga yotqizib, yechintirishgan hamda qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, tovoniga va qorinning ostki qismiga dubinka bilan urishgan. 2021 yil dekabr oyida 27 yoshli mahbus Jobir Jo‘rayev soqchilar va ma’muriyat bilan hamkorlik qiluvchi mahbuslar tomonidan muntazam ravishda kaltaklangani, qiynoqqa solingani, och qoldirilgani va zo‘rlash bilan tahdid qilinganini aytib berdi. 

14 iyun kuni Navalniy Pokrovdagi 2-sonli koloniyadan 6-koloniyaga o‘tkazildi. Muxolifatchi Instagram’da qotillikda ayblanganlar bilan bir otryadga joylashtirib qo‘yishganini yozgan. Siyosatchi so‘zlariga ko‘ra, uning otryadi koloniyaning qolgan qismidan butunlay ajratilgan hududda saqlanadi va «butunlay aqldan ozgan hamda chidab bo‘lmas rejimga ega qamoqxona ichidagi qamoqxona»ga o‘xshaydi. Navalniy bilan bir otryadda bo‘lgan mahkumlarni u «yaxshi, xotirjam, xayrixoh mahbuslar» deb ta’rifladi. 

Aleksey Navalniy fevral oyi boshida Moskvaning Simonovskiy tuman sudi «Iv Roshe» ishi bo‘yicha unga chiqarilgan shartli hukmni haqiqiy 3,5 yillik qamoq jazosiga o‘zgartirgani uchun ozodlikdan mahrum etish joylariga jo‘natildi. Rasmiy sabab - muxolifatchi jazoni ijro etish komissiyasiga hisobot berish uchun belgilangan kunlarda kelmagan. Ammo, u 2020 yil avgustidan boshlab, «Novichok» bilan zaharlangani hamda Germaniyaga davolanish uchun olib ketilganidan so‘ng, umuman inspektor huzuriga kelishni to‘xtatgan. 

Navalniy va uning advokatlari sudga muxolifatchi jismoniy jihatdan inspektorning oldiga borish imkoniga ega bo‘lmaganini bildirgan, sababi u Germaniya klinikalaridan birida avval statsionar, keyin esa ambulator davolangan va bu haqda jazoni ijro etish inspeksiyasini xabardor qilgan. 

22 mart kuni sud Aleksey Navalniyni «firibgarlik va sudni haqorat qilish» ishi bo‘yicha to‘qqiz yilga ozodlikdan mahrum etildi. Lefortovo sudining sayyor majlisi Navalniy «Iv Roshe» ishi bo‘yicha jazo muddatini o‘tayotgan Pokrovdagi 2-sonli koloniyada o‘tkazildi. Prokuror Nadejda Tixonova unga 13 yillik jazo muddati berilishini so‘radi. 

Mavzuga oid