O‘zbekiston | 12:32 / 11.08.2022
3979
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Turkmaniston avtotransportda yuk tashishni to‘liq qayta tiklamoqchi

O‘zbekiston va Turkmaniston avtomobil transportida yuk tashuvlar jarayonini to‘liq qayta tiklash, yuk tashish talablarini soddalashtirishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi.

Foto: Dunyo

Toshkentda transport masalalari bo‘yicha o‘zbek-turkman ishchi guruhi navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar ikki davlat o‘rtasida avtomobil transportida yuk tashuvlar jarayonini to‘liq qayta tiklash, yuk tashish talablarini soddalashtirishdan manfaatdor ekanini qayd etib o‘tdi.

O‘zbekiston tomoni avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshirayotgan o‘zbek haydovchilari uchun Turkmanistonga kirish vizasini berish talablarini soddalashtirish va muddatlarini qisqartirish yuzasidan turkman tomoniga taklif bildirdi.

O‘zbekiston “Turkmanboshi” porti orqali o‘tuvchi transport koridorlari butun mintaqa uchun muhim ekanini, bu yo‘nalishda hamkorlik aloqalarini rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. Tomonlar tranzit yo‘nalishlarda yuk tashish hajmini oshirish uchun temiryo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish, yuk tashuvlarida transport xarajatlarini kamaytirish maqsadida chegirmalar taqdim etish choralarini ko‘rishga kelishib oldi. 

Uchrashuvda O‘zbekiston tomoni mamlakatlar o‘rtasida yo‘lovchi tashishni tashkil etish yo‘nalishidagi ishlarni faollashtirishni taklif qildi. Tomonlar O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Ummon transport yo‘lagi barcha ishtirokchilari bilan Ashxobod shartnomasi doirasidagi ishlarni faollashtirishga kelishib oldi.

Mavzuga oid