O‘zbekiston | 17:49 / 13.08.2022
30078
3 daqiqa o‘qiladi

Hamkasbini o‘ldirgan san’atkor 11 yilga qamaldi

San’at olami vakillari o‘rtasidagi nizoga giyohvand modda sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Toshkent shahar sudining jamoatchilik va OAV bilan hamkorlik bo‘yicha bosh maslahatchisi Sadoqat Allaberganovaning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, qotillik uchun sud qilingan 26 yoshli san’atkor muqaddam o‘g‘rilik, qasddan badanga yengil shikast yetkazish jinoyatlarini ham sodir etgan. Marhumning narkotik olib kelib bermagani kelishmovchilikka sabab bo‘lgan. Xumori bosilmagan shaxs tanishining uyiga borib u bilan janjallashadi va uni bir necha marta pichoqlagach, voqea joyidan yashirinadi. Og‘ir jarohat olgan jabrlanuvchi tez yordam mashinasida jon beradi.

Sudda sudlanuvchi aybiga qisman iqror bo‘lgan. U marhum bilan 2016 yilning yoz oylarida to‘y marosimida xizmatda tanishib qolgani, uning taklifi bilan to‘yxona tashqarisida birga nasha chekishgani, keyin ham nasha bilan tez-tez siylab turgani, natijada giyohvand moddaga o‘rganib qolganini aytib bergan.

– Kunlarning birida gashish topib berish uchun u mendan 350 000 so‘m oldi, ammo olib kelmadi. Unga bir necha marotaba qo‘ng‘iroq qildim. Dastlab meni haqorat qildi, keyin esa qo‘ng‘iroqlarimga javob bermay qo‘ydi. Undan qasd olish uchun kuchli ta’sir qiluvchi dori ichib, uyiga bordim. Unga mendan olgan pulni eslatganimda onamdan so‘kib ketdi”, deya sudda ko‘rsatma bergan sudlanuvchi.

Ma’lum bo‘lishicha, shundan so‘ng boshlangan janjal qotillik bilan tugagan. Sudlanuvchi tanishini bir necha marta pichoqlab jinoyat joyini tark etgan. So‘ngra ukasi va boshqa bir tanishini IIBga olib borishadi va u o‘sha yerda qilmishini bo‘yniga oladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi sudyasi Muzaffar Kukiyev chiqargan hukmga muvofiq qotillikka qo‘l urgan san’atkor Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, 11 yil ozodlikdan mahrum qilingan. Jinoyat kodeksining 96-moddasiga asosan sudlanuvchi jazoni ijro etish joylarida giyohvandlikdan hamda toksikomaniyadan majburan davolanishi belgilangan.

Mavzuga oid