Jamiyat | 09:33 / 14.08.2022
15096
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda o‘qishga kiritib qo‘yish uchun 4000 dollar olgan shaxs ushlandi

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Samarqand, Jizzax va Andijon viloyatlarida o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati xabar berdi.

Bosh prokuratura huzuridagi departament hamda DXXning Samarqand viloyati boshqarmalari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda fuqaro Sh.Sh. fuqaro Sh.ga Qozog‘istondagi universitetning 1-kursini tamomlagani haqida hujjat tayyorlab berib, keyinchalik ushbu hujjat asosida Samarqand iqtisodiyot va servis institutiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 4000 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi departamentning Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda muqaddam firibgarlik va boshqa jinoyatlari uchun sudlangan F.S. fuqaro Z.ning ishonchiga kirib, uni tanishlari yordamida 2000 dollar evaziga Jizzax davlat pedagogika universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishga kelishib, oldindan 5 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan ham IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Paxtaobod tumanidagi Abu Ali ibn Sino jamoat salomatligi texnikumi talabasi O.D. fuqaro G.ning farzandini tanishlari yordamida ushbu texnikumga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 700 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid