Jahon | 08:10 / 17.08.2022
2957
3 daqiqa o‘qiladi

Jo Bayden ko‘p milliard dollarlik iqlimni himoya qilish paketini imzoladi

AQSh iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash uchun tarixdagi eng katta federal sarmoyani kiritmoqda. Jo Bayden Oq uyda yangi qonun loyihasini imzoladi.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Jo Bayden 16 avgust, seshanba kuni iqlimni muhofaza qilish, mamlakat energiya xavfsizligini ta’minlash va sog‘liqni saqlash tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga katta sarmoya kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini imzoladi. AP agentligining ta’kidlashicha, bu harakat, xususan, 8 noyabrda bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovga uch oydan kamroq vaqt qolganida saylovchilar orasida Demokratlar partiyasining mavqeyini mustahkamlashga qaratilgan.

Gap tarixda iqlim o‘zgarishi bilan kurash sohasiga eng yirik federal sarmoyalar haqida ketyapti - bu maqsadlar uchun o‘n yil ichida 375 mlrd dollar (368,7 mlrd yevro) ajratiladi. Bundan tashqari, Amerikaning keksalarga tibbiy yordam ko‘rsatish federal dasturi Medicare a’zolari uchun retsept bo‘yicha dori-darmonlarga sarflanadigan shaxsiy xarajatlari yuqori chegarasi belgilanmoqda, u 2000 dollar (1966 yevro) miqdorida mustahkamlab qo‘yildi. Yangi chora-tadbirlar, shuningdek, 13 million AQSh fuqarosiga COVID-19 pandemiyasi davrida beriladigan subsidiyalarni uzaytirish orqali tibbiy sug‘urtasini qoplashga yordam beradi. 

64 mlrd dollar (62,9 mlrd yevro) sog‘liqni saqlash sohasi tashabbuslariga, xususan, dori-darmonlar narxini pasaytirishga yo‘naltirilyapti.

Yirik kompaniyalardan olinadigan yangi soliqlar hamda badavlat jismoniy va yuridik shaxslardan yig‘imlar miqdorini oshirish hisobiga budjetga zarur mablag‘lar jalb qilinadi. 

Hujjatni imzolash marosimida Bayden Respublikachilar partiyasi a’zolari tomonidan zaif qo‘llab-quvvatlanayotganini tanqid qildi. «Bu tarixiy lahzada demokratlar Amerika xalqi tomonida bo‘ldi, Kongressdagi har bir respublikachi esa ovoz berish jarayonida o‘zining alohida manfaatlaridan kelib chiqdi», dedi u. 

12 avgustda qonun loyihasini qabul qilish paytida AQSh Kongressi Vakillar palatasida ovozlar partiyalar bo‘yicha taqsimlandi (220 nafar demokrat tashabbuslar paketini qo‘llab-quvvatladi, 207 nafar respublikachi qarshi ovoz berdi). 

Bungacha qonun loyihasi AQSh Kongressi Senatida atigi bir ovoz (51-50) bilan ma’qullangandi, hal qiluvchi ovoz vitse-prezident, demokrat Kamala Xarris tomonidan berildi.

Demokratik partiya a’zolari qonun loyihasi ularga oraliq saylovda Kongressning har ikki palatasida o‘rinlarni saqlab qolishga yordam beradi deb umid qilmoqda. Ayni paytda, tahlilchilar noyabr oyida respublikachilar Senat va Vakillar palatasida ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritishi mumkinligini taxmin qilmoqda. 

AQSh rasmiylarining fikricha, qonunda belgilangan chora-tadbirlar pirovardida mamlakatdagi inflatsiya darajasini pasaytiradi. 

Bayden bir yarim yil muqaddam prezidentlikka kelganida katta islohotlarni va’da qilgan edi, biroq hozircha ularni to‘liq amalga oshira olmadi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid