O‘zbekiston | 15:04 / 18.08.2022
37497
2 daqiqa o‘qiladi

UzAuto Motors nisbatan arzonroq avtomobillari uchun shartnoma berishni to‘xtatdi

​​​​​​​UzAuto Motors xaridorgir modellar bo‘lmish Spark va Nexia-3 uchun shartnoma berishni to‘xtatdi. Kompaniyaning ba’zi dilerlik markazlarida Lacetti va Cobalt avtomobillarining arzonroq pozitsiyalari uchun ham shartnomalar qabul qilinmayapti.

Foto: Kun.uz

Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan kompaniya vakilining so‘zlariga ko‘ra, shartnoma berish to‘xtatilganiga navbatlar sonining keskin oshib ketayotgani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Kontraktatsiya qachon tiklanishi noma’lum.

Vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida “O‘zavtosanoat” axborot xizmati rahbari Zumrad Shojalilova bilan bog‘lanishga bo‘lgan bir qancha urinishlarimiz besamar ketdi.

UzAvtoSavdo_bot ma’lumotlariga tayanadigan bo‘lsak, 18 avgust holatiga birgina Lacetti, Cobalt va Damas avtomobillari uchun qariyb 136 ming kishilik uzun navbat yuzaga kelgan. Kompaniya navbatlarni kamaytirishga bir necha marotaba va’da bergan bo‘lsa-da, amalda buning uddasidan chiqa olgani yo‘q.

UzAuto Motors 2021 yil 20 dekabridan 2022 yil 1 fevraligacha bo‘lgan muddatda ham Cobalt, Spark, Nexia va Lacetti avtomobillarini sotish bo‘yicha yangi arizalar qabul qilishni to‘xtatgandi. Bunga sabab sifatida esa butun dunyo bo‘ylab yarimo‘tkazgichlarni yetkazib berishda uzilishlar yuzaga kelgani ko‘rsatilgan edi.

Mavzuga oid