Jahon | 10:47 / 20.08.2022
28218
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik senator urushga qarshi chiqqan qizidan voz kechdi

Rossiyalik senator Eduard Isakov Ukrainadagi urushga qarshi pozitsiyani egallagan to‘ng‘ich qizi Dianadan omma oldida voz kechdi.

Foto: RIA Novosti

2022 yil aprel oyida Isakovning to‘ng‘ich qizi, 25 yoshli Diana Sochi shahrida urushga qarshi mitingga chiqib, varaqa tarqatgani uchun hibsga olingan edi. Tez orada senator bundan xabar topib, qizining so‘zlariga ko‘ra, uni uydan haydab chiqargan. Hozir Diana Rossiyada emas. Mamlakatni tark etishdan oldin u Meduza nashriga katta intervyu berib, siyosatchi oilasidagi hayoti, shuningdek, urushga qarshi chiqqan rossiyaliklarga qanday yordam berishni rejalashtirayotgani haqida gapirgan edi. Shuningdek, Diana otasi tomonidan «oila dushmani» deb e’lon qilinganini ta’kidlagandi.

«Men qo‘rqqan hamma narsa yuz berdi. U meni oilaning, xalqning dushmani, sotqin va jinoyatchi deb atadi», degan edi Diana.

Xanti-Mansiysk-Yugra avtonom okrugidan Federatsiya Kengashiga saylangan senator Eduard Isakov qizini «sotqin» deb atadi va intervyu uchun pul mukofoti olganini taxmin qildi.

«U maxsus harbiy operatsiya o‘tkazilishiga, o‘z mamlakati siyosatiga qarshi ekanini bildirmoqda. Aftidan, u intervyu uchun pul olgan, boshqacha aytganda, u otasini, oilasini, Vatanini sotib, Rossiyani tark etgan. Qizingiz sotqin bo‘lib chiqsa, buni izohlashga so‘z topish qiyin», — deb yozdi senator Telegram kanalida.

Meduza nashri senatorning so‘zlarini inkor qilib, intervyu uchun pul to‘lamasligini, hech qachon to‘lamaganini ma’lum qildi.

Shuningdek, Isakov Dianani uch yoshidan beri tarbiya qilmaganini qo‘shimcha qildi.

«Uning Rossiyaga qarshi pozitsiyasi borligini bilganimdan beri biz aloqa qilmaymiz, uni mablag‘ va uy-joy bilan ta’minlamay qo‘ydim. Men uning ishlashini, kattalar hayotini boshlashini, kattalar kabi o‘ylashini kutgan edim. U esa o‘zini senatorning qizi deb tanishtirib, intervyusini sotish orqali pul ishlashga qaror qildi», deb yozdi Isakov.

Senator Eduard Isakov Rossiyaning Ukrainaga bosqinini faol qo‘llab-quvvatlab kelayotgan siyosatchilardan biri hisoblanadi. U avval ham bir necha marotaba «vatanparvarlik» mavzusida shov-shuvli chiqishlari bilan tanilgan. 

Jumladan, 2016 yilda Rossiya hududlari uchun vatanparvarlik reytingini yaratishni taklif qilgan edi.

«Menimcha, mamlakatimizda, hududlarda ma’naviy-axloqiy, fuqarolik, vatanparvarlik va sport ta’limining holati va samaradorligi reytingini yaratish muhim ahamiyatga ega», degan edi senator.

2017 yilda esa vatanparvarlik tuyg‘usini tarbiyalash oiladan boshlanishini ta’kidlagan edi.

«Vatanparvarlik tuyg‘usini tarbiyalash ma’naviy-axloqiy qadriyatlar barpo etilgan oiladan boshlanadi. Maktablarda fuqarolik va harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi bo‘yicha darslar bo‘lishi kerak, shunda bolalar maktab partasidan o‘z mamlakatiga mas’uliyatli munosabatda bo‘lishni, uning buyuk o‘tmishini hurmat qilishni va Rossiya kelajakda chinakam davlat bo‘lishi uchun hamma narsani qilishga intilishni o‘rganishi kerak», degan edi u.

Mavzuga oid