O‘zbekiston | 05:17 / 21.08.2022
19028
3 daqiqa o‘qiladi

Saudiyaga haftasiga 14 ta aviareys qo‘yilishi kutilmoqda

O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida haftasiga 14 ta aviareys qo‘yilishi kutilyapti. Bu haqda «O'zbekiston 24» telekanali efirida transport vaziri o‘rinbosari Jasur Choriyev ma’lum qildi.

Saudiyada turib telekanal muxbiriga intervyu bergan vazirlik vakilining aytishicha, prezidentning davlat tashrifi doirasida aviaqatnovlar borasida memorandum imzolangan. Unga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasida haftasiga 14 ta aviareys qatnovi yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.

Reyslar O‘zbekistondan Saudiyaning Ar Riyod, Jidda va Madina shaharlariga amalga oshiriladi. O‘zbekistonning qaysi shaharlaridan reys qo‘yilishi hozircha ma’lum emas.

Jasur Choriyev shu vaqtgacha O‘zbekistondan Saudiyaga faqat haj va umra ziyorati uchun reyslar qo‘yilgani, endilikda boshqa maqsadda boruvchilar ham, xususan, tadbirkorlik bilan shug‘allanadiganlar ham parvozlardan foydalanishi mumkinligini aytgan.

«Menimcha» teleloyihasida Shavkat Mirziyoyev Saudiyaning «Flynas» aviakompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Ayyed Tavob al Jiayd bilan qilgan muloqoti ham ko‘rsatildi. Unda O‘zbekiston prezidenti saudiyalik tadbirkordan O‘zbekistonda faoliyat boshlash uchun nima to‘siq bo‘layotganini so‘rab, hammasi joyida bo‘lsa, amaliy ishlarni tezroq boshlashni so‘radi.

«Flynas» rahbarining aytishicha, Jiddadan Toshkentga sentabr oyidan boshlab haftasiga uchta reys qo‘yish borasida kelishib olingan. Shuningdek, kompaniya boshqaruv raisi saudiyaliklarga O‘zbekistonning go‘zal joylarini sayyohlik yo‘nalishi sifatida taklif qilinishini aytgan. Shavkat Mirziyoyev «Flynas»ga barcha sharoit yaratib berilishini aytib, boshqa hech bir xorijiy aviakompaniyaga bunday erkinlik taqdim etilmaganini ta’kidladi.

Avvalroq saudiyaliklar uchun O‘zbekistonga borishda vizasiz rejim joriy qilingandi. Unga ko‘ra, saudiyaliklar 30 kun davomida O‘zbekistonda vizasiz bo‘lishi mumkin. Yangi tartibga ko‘ra O‘zbekistonga kelgan saudiyaliklardan bu vaqt ichida Saudiyaga yoki uchinchi davlatga jo‘nash uchun chiptalari bo‘lishigina talab qilinadi.

Prezident safar davomida Saudiya Arabistoni iqtisodiyotining muhim tarmoqlari bo‘lgan yana ko‘plab korxona va tashkilot rahbarlari bilan ham ochiq muloqot o‘tkazgan. Videoda bular haqida batafsil ma’lumot berilgan.

Mavzuga oid