Sport | 12:38 / 25.08.2022
14983
8 daqiqa o‘qiladi

Uch o‘yinda uch g‘alaba, ligada peshqadamlik: «Arsenal» endi inqirozdan chiqdimi?

Agar vaqtni 12 oy orqaga qaytarsak, «Arsenal»ning Premer-Liga tarixidagi eng yomon startiga guvoh bo‘lamiz. Hozir esa klub 2004 yildan buyon ilk marta mavsum boshida qatorasiga 3 ta o‘yinda g‘alaba qozonib, peshqadamlik qilmoqda.

Foto: Goal.com

Shanba kuni «kanonirlar» «Bornmut»ni 3:0 hisobida yengib, 6 yil ichida birinchi marta turnir jadvalining eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi va bu mavsumda hali ochko yo‘qotmagan yagona klubga aylandi.

«Uchta o‘yin, uchta g‘alaba, to‘qqizta gol urilgan, ikkita gol o‘tkazib yuborilgan – ajoyib burilish», deb yozdi GOAL.

O‘tgan mavsum starti bilan taqqoslansa, klubdagilarning hozirgi kayfiyati nega juda yaxshi ekanini tushunish mumkin: bir yil oldin «Arsenal» uchta o‘yinda bitta ham gol ura olmay mag‘lub bo‘lgan va jadval tubida yotgandi.

Bir yil oldin bosh murabbiy Mikel Artetaning «Arsenal»dagi faoliyati so‘roq ostida turgandi. Lekin shanba kuni u «Vitality» stadionini qaddini tik tutgan holda tark etdi, muxlislar esa uning nomini baralla ovozda kuylab, olqishlar bilan kuzatishdi.

«Bizning ruhiy holatimiz juda boshqacha», deb tan oldi Arteta klubdagi hozirgi va 12 oy oldingi kayfiyatni taqqoslash so‘ralganida.

«Buni sezish qiyinmas. Chunki futbol o‘yinlaridagi mag‘lubiyat qanday o‘yin namoyish etilishidan qat’i nazar, ruhiyatga juda salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shubhasiz, hozir hamma baxtiyor, hamma bundan zavqlanmoqda va biz bu lahzani saqlab qolishimiz, kamtar bo‘lishimiz va rivojlanishda davom etishimiz kerak», dedi u.

Arteta shanba kungi o‘yindan keyin APL startidagi birinchi o‘rin hech narsani anglatmasligini ta’kidladi.

«Bu atigi 3 ta o‘yindan keyingi vaziyat. Bu hech narsani anglatmaydi, dedi u. - Biz uchta o‘yinda g‘alaba qozondik, gollar urmoqdamiz, o‘z darvozamiz daxlsizligini saqlab qolyapmiz va jamoa yaxshi o‘ynayapti. Bu faqat mana shuni anglatadi».

Albatta, Arteta mavsum boshida eng yuqori pog‘onaga chiqish hali hech narsani anglatmasligi haqida to‘g‘ri gapirmoqda. Ammo joriy mavsumdagi start klubdagi vaziyat 12 oy avvalgidan qanchalik farq qilishini ko‘rsatyapti.

2021 yil 28 avgust kuni «Manchester Siti»ga 0:5 hisobida yutqazgan jamoani olaylik, bu mag‘lubiyat Arteta yigitlarini turnir jadvali tubiga tushirib yuborgandi. Bu tarkibdan faqat uch nafar futbolchi – Bukayo Saka, Granit Jaka va Martin Edegor shanba kuni «Bornmut»ga qarshi o‘yinda maydonga tushdi. O‘zgarish sezilarli.

«Arsenal» bir yil oldin parokanda edi. O‘tgan mavsumda dastlabki uchta o‘yinda ular darvoza tomon atigi 7 marta zarba berishgan bo‘lsa, joriy mavsumda zarbalar soni 15 ta bo‘ldi. O‘tgan mavsumda o‘z darvozalari tomon 55 ta zarbani o‘tkazib yuborishgandi (18 tasi darvoza hududiga to‘g‘ri keladi). Bu mavsumda esa 22 ta zarba (5 tasi darvoza hududiga).

Maydonning har ikki tomonidagi o‘zgarishlar dinamikasi ancha yaxshi bo‘ldi.

Gabriel Jyezus hujumni tanib bo‘lmas darajada o‘zgartirdi, 2021/22 mavsumida oldingi chiziq ancha sust edi. Oleksandr Zinchenko ham himoya chizig‘iga sifat keltirdi. «Manchester Siti»dan kelgan bu futbolchilar jamoa o‘yiniga ijobiy ta’sir ko‘rsatishdi.

«Marsel»dan ijaradan qaytgan Uilyam Saliba hozir ajoyib formada. Uchta o‘yinning ikkitasida darvoza daxlsizligi saqlanib qolishida uning hissasi katta.

«U aql bovar qilmas darajada yaxshi», dedi Zinchenko «Bornmut»ga qarshi o‘yindan keyin Saliba o‘yinini muhokama qilib. «Bu yigit yosh bo‘lsa-da, juda tajribali ko‘rinmoqda. Ko‘z tegmasin, bizda ajoyib markaziy himoyachi bor».

Jyezus, Zinchenko va Saliba mavsum startida «Arsenal»ning asosiy tarkibini ancha kuchaytirishdi. Yozda 30 millionga olingan yarimhimoyachi Fabio Viyeyra ham yanada ko‘proq hissa qo‘shishi kutilmoqda.

Transfer oynasi yopilgunga qadar «Arsenal» kamida yana bir futbolchini olishi mumkin. Hozirda klub tarkibi juda kuchli va barqaror ko‘rinyapti, endi Arteta zarurat tug‘ilganida bir necha variantlardan foydalanishi mumkin.

«Arsenal»da maydon tashqarisidagi vaziyat ham o‘zgardi. Klub avvalgi yillarga qaraganda ancha jipslashgandek ko‘rinmoqda.

Arteta bosh murabbiy qilib tayinlanganida texnik direktor Edu muxlislardan uch yil sabr qilishni, «jarayonga ishonch bildirishni» ko‘p marta so‘ragan edi. Endi sabrning tagi sariq oltin bo‘lib chiqdimi?

Tarkib butunlay o‘zgardi, undan o‘tgan davrlarning yulduzlari va katta nomlar olib tashlandi. Sahna ortidagi ziddiyatlar bartaraf qilindi, Arteta barchani, asosiy o‘yinchilar, murabbiylar va qarorgoh xodimlarini birlashtirishga ko‘p harakat qildi.

Klubdagi manbalar yaqinda o‘tkazilgan mavsumoldi tayyorgarlik jarayonini juda muvaffaqiyatli deb hisoblamoqda. Arteta klubga kelganidan beri birinchi marta to‘laqonli tayyorgarlik jarayonini o‘tkazdi va futbolchilar bilan cheklovsiz ishlashga muvaffaq bo‘ldi.

Yoz boshida «Arsenal» tezda transfer bozoridagi ustuvor maqsadlarga o‘tdi. Jyezus va Viyeyra bilan AQSh safaridan oldin shartnoma imzolashdi, Zinchenko esa tur davom etayotganda paytda jamoaga qo‘shildi.

Arteta bu safardan jamoa ichidagi aloqalarni yaxshilash uchun foydalandi. U futbolchilarni tushlik paytida har xil stolda, har safar boshqa sherigi bilan o‘tirishga undadi. Bir kuni kechqurun Arteta futbolchilar va klubning barcha xodimlarini kabob pishirish uchun yig‘di. Barcha bir joyga to‘planib, butun oqshom turli o‘yinlarni o‘tkazishdi.

Arteta 2019 yilda «Arsenal»ga kelganidan boshlab, og‘ir davrlardagi ixtilof tufayli parchalanib yotgan klubni birlashtirishga urinmoqda.

Bu jarayon tez kechmadi, ammo «Arsenal» hozirda ancha jipslashib qolganiga hech kim shubha qilmasa kerak. Muxlislar ham futbolchilarni har qachongidan yaxshiroq qo‘llab-quvvatlamoqda. Hatto «Lester»ga qarshi o‘yinda o‘z darvozasiga gol urib qo‘ygan Saliba «Emireyts» tomonidan qanday qo‘llab-quvvatlagani bunga yorqin misol bo‘la oladi. Bornmutda o‘tkazilgan o‘yinda esa fanatlar Granit Jaka ismini baralla kuylashdi, yaqin o‘tmishda buni tasavvur qilib bo‘lmas edi.

Jamoadagi muhit ancha yaxshilandi. Unai Emeri ketganidan so‘ng klubga kelgan Arteta aynan shu maqsadni ko‘zlagandi.

Biroq, mavsum ajoyib boshlaganiga qaramay, Mikel hali oldinda juda uzoq yo‘l borligini biladi.

«Biz yanada yaxshi o‘ynashimiz mumkin», dedi u «Bornmut»dagi g‘alabadan keyin. - Endi yana mashg‘ulot o‘tkazamiz, rivojlanamiz. Asosiy e’tibor «Fulhem»ga qaratiladi (keyingi shanbada)».

Arteta qo‘l ostida «Arsenal»ning yaxshilangani yaqqol ko‘rinib turibdi va 12 oy oldingi qora kunlar endi o‘tib ketgandek tuyulmoqda. Biroq, hali qilinadigan ishlar ko‘p. Jarayon davom etmoqda, ammo hali oxiriga yetmadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid