Jahon | 20:26 / 29.08.2022
30083
12 daqiqa o‘qiladi

Qrimni qaytarish masalasi. Kiyev qat’iy harakatlarga tayyormi?

Ukraina 2014 yildan beri Qrimni qaytarib olishga urinmagandi. Ammo so‘nggi haftalarda yarimorolga bir qator zarbalar berildi.

Reuters / Scanpix / LETA

Ukraina Mustaqillik kuni arafasida Kiyevda AQSh Davlat kotibi, Germaniya kansleri va boshqa G‘arb yetakchilari ishtirokida Qrimning deokkupatsiya qilinishini qo‘llab-quvvatlovchi sammit bo‘lib o‘tdi. Buning fonida yarimorolda Rossiyaning bir qator harbiy infratuzilma obektlariga hujum qilindi. Garchi Kiyev zarbalar uchun javobgarlikni tan olmasa ham, Volodimir Zelenskiyning Qrimga nisbatan strategiyasi o‘zgargani yaqqol ko‘rinib turibdi. Agar Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan oldin va hatto boshida ham prezident yarimorolni qaytarishning diplomatik yo‘li ustuvorligi haqida gapirgan bo‘lsa, Ukraina g‘arbdan keng ko‘lamli yordam olganidan so‘ng ritorika keskinlashdi. Endi Zelenskiy harbiy ssenariy ehtimoli borligiga tobora ko‘proq ishora qilmoqda.

Zelenskiy har doim Qrimning qaytarilishi haqida gapirgan, biroq u harbiy ssenariydan ko‘ra diplomatiyani afzal ko‘rgan. Urush hammasini o‘zgartirdi

Volodimir Zelenskiy prezidentligining boshidanoq Rossiya tomonidan annexia qilingan yarimorolni deokkupatsiya qilishga alohida urg‘u berdi. 2019 yil may oyidagi inauguratsion nutqida buni o‘z siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri deb atagandi: «Navbatdagi vazifamiz yo‘qotilgan hududlarni qaytarishdir. <…> Qrim ham, Donbass ham bizniki, Ukraina yerlaridir».

Zelenskiy 2020 yil sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasida nutq so‘zlab, jahon hamjamiyatini Ukrainaga hududlarni qaytarishda yordam berishga chaqirgandi. Shu bilan birga, mamlakatda prezidentning 2021 yil martdagi farmoni bilan tasdiqlangan yarimorolni deokkupatsiya qilish va reintegratsiya qilish bo‘yicha davlat strategiyasi ustida ish boshlandi.

O‘sha yilning avgust oyida Ukraina mustaqilligining 30 yilligini nishonlash paytida Kiyevda birinchi «Qrim platformasi» sammiti bo‘lib o‘tdi, unda 47 davlat vakillari ishtirok etdi. Ammo rezonans katta bo‘lmadi, Zelenskiy ofisi buni kutmagandi. Masalan, Kiyevga xayrlashuv tashrifi bilan borgan Germaniya kansleri Angela Merkel sammitda qatnashmadi, AQSh, Fransiya va Buyuk Britaniya rasmiyatchilik yuzasidan vakil yubordi. Biroq, shunga qaramay, Kiyevning Qrimni qaytarish bo‘yicha rejalari dunyo yangiliklari kun tartibining bir qismiga aylandi va Ukraina xalqaro miqyosda qo‘llab-quvvatlandi. Rossiyaning reaksiyasi kutilganidek salbiy bo‘ldi.

Zelenskiy uchun «Qrim platformasi» ichki siyosat nuqtayi nazaridan ham muhim ahamiyatga ega edi. 2021 yil davomida uning reytingi jiddiy o‘zgarib turdi va prezident o‘z jamoasi muvaffaqiyatsizliklarini bartaraf qiladigan, shuningdek, milliy-vatanparvar muxolifatning tanqidini kamaytiradigan yorqin tashabbuslarga muhtoj edi.

Davlat rahbarining media strategiyasi oldingi prezident Petro Poroshenko Qrimni deokkupatsiya qilish uchun hech narsa qilmaganiga qaratildi. Darhaqiqat, ilgari yarimorolni qaytarish bo‘yicha davlat siyosatining yagona formati yo‘q edi.

Shu bilan birga, Ukrainaning Qrimni deokkupatsiya qilish strategiyasi asosan diplomatik usullarni o‘z ichiga olgani muhim. Bunday yondashuv Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyin ham birmuncha vaqt davom etdi. Zelenskiy hatto 2022 yil 5 aprelida ham Qrimning kuch bilan qaytarilishini rad etib, bu muammoni 10-15 yil ichida diplomatik yo‘l bilan hal qilish lozimligini ta’kidlayotgandi.

Biroq harbiy qarama-qarshilik kuchayishi Kiyev pozitsiyasini keskinlashtirdi. 9 avgust kuni Ukraina prezidenti «Urush Qrimdan boshlangan va uning ozod etilishi bilan tugashi kerak», dedi. Oradan bir hafta o‘tib, prezident devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak yarimoroldagi Rossiya armiyasi ta’minotining asosiy yo‘liga aylangan Qrim ko‘prigiga zarba berish zarurligini e’lon qildi. Xavfsizlik kuchlari ham undan qolishmadi, Ukraina razvedkasi rahbari Kirill Budanov The Wall Street Journal nashriga bergan intervyuda bosib olingan hududlar harbiy kuch bilan ozod etilishini aytdi. Milliy bayroq bayrami kuni esa Zelenskiy tez orada ko‘k-sariq bayroq (qrim-tatar bayrog‘i bilan birga) «Yaltada, Kerchda, Jankoyda, Simferopolda, Ay-Petrida hilpirashi»ga va’da berdi.

Ritorikaning keskinlashuvi diplomatik kelishuvga urinishlar boshi berk ko‘chaga tushib qolganidan dalolat beradi. Kreml Ukrainaning to‘liq taslim bo‘lishini tinchlik sulhining asosiy sharti sifatida ko‘rayotganiga Kiyevning ishonchi komil. Demak, endi Kreml «qizil chiziqlari»ni kesib o‘tmaslikning ma’nosi yo‘q.

Novofedorovkadagi plyajda dam olayotgan sayyohlar. Uzoqda harbiy aerodromdagi portlashlar ortidan ko‘tarilgan tutun ustuni. 2022 yil 9 avgust.
Reuters / Scanpix / LETA

Kiyev Qrimdagi harbiy infratuzilmaga zarba berdi va yarimorolni qaytarish uchun harbiy ssenariy haqida gapirmoqda. Ammo bu hujumlar Ukrainaning yarimorolni qaytarishga tayyor ekanini anglatmaydi

Rossiyaning Qrimdagi harbiy obektlarida sodir bo‘lgan qator portlashlar fonida Kiyev yarimorolni harbiy ssenariy orqali qaytarish imkoniyatlari haqida gapira boshladi.

9 avgust kuni Yevpatoriya yaqinidagi harbiy aerodromda rossiyaliklarning o‘nga yaqin samolyotlari yo‘q qilindi. Oqibatda, Qora dengiz floti reaktiv samolyotlarining qariyb yarmini yo‘qotdi. Rossiya mudofaa vazirligi Ukrainaning aerodromga zarba berganini rad etib, portlashlar o‘q-dorilarga ehtiyotsizlik bilan munosabatda bo‘lish oqibatida yuz berganini ma’lum qildi.

16 avgust kuni Jankoy yaqinidagi portlash oqibatida o‘q-dorilar ombori vayron qilindi. Bu safar Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina zarbasini tan olishga majbur bo‘ldi va buni «qo‘poruvchilik» deb atadi. Yarimorolga Ukraina dronlari orqali berilgan zarbalar, turli joylardagi portlashlar, jumladan, Sevastopoldagi Rossiya Qora dengiz floti shtab-kvartirasi yaqinida sodir bo‘lgan portlash haqida boshqa xabarlar ham bor.

Ukraina hujumlarni uyushtirganini rasman tan olmayapti. Ammo Zelenskiy Ukraina fuqarolarini Qrimdagi harbiy inshootlardan uzoqroq bo‘lishga chaqirmoqda.

Qrimga qilingan hujumlar Ukraina armiyasining yangi taktikasidan dalolat berishi mumkin. Ular mamlakat janubida qarshi hujum qilish uchun resurslarga ega bo‘lmagan holda, Rossiya qurolli kuchlarining orqa va ta’minot bazalariga zarba berib, kommunikatsiyalarni yo‘q qilishga intilmoqda. Buni Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov ham tasdiqladi. «Ularning Qrimda o‘q-dorilarga to‘la ombori bor va ular Ukraina janubiga yetkazib berilyapti. Shuning uchun, biz xuddi Kiyev kampaniyasida bo‘lgani kabi, ta’minot liniyalarini uzish uchun ularni yo‘q qilishimiz kerak», degandi vazir.

Shunday bo‘lsa-da, Qrimni harbiy yo‘l bilan ozod qilish ssenariysi hozirda haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigandek ko‘rinadi. Kiyev aslida Qrimda ham dushmanga zarba berishga qodirligini namoyish etmoqchi. Bu bilan Vladimir Putin pozitsiyasi qanchalik mustahkam ekanini sinab ko‘rmoqchi. Avvalroq u Qrim xavfsizligi Rossiya siyosatining «qizil chiziqlari»dan biri ekanini ta’kidlagandi.

Fransiyaning Le Mond nashri yozishicha, «Zelenskiy muzokaralarga har qachongidan ham unchalik moyil emasligi va uzoq davom etayotgan vayronagarchilik urushida yangi kartalari borligini ko‘rsatdi. Putin juda og‘ir ahvolda qoldi va Kiyevning raqobatbardosh ekanini hisobga olishi kerak bo‘ladi. <...> Axir, Putin Qrimni o‘ziga xos «qizil chiziq» deb, o‘zini tuzoqqa tushiruvchi pozitsiyani egallagan edi».

Zelenskiy jamoasi uchun ichki siyosatda ham jamiyatning jangovar ruhini ko‘tarish uchun Ukraina armiyasi texnik ustunligini namoyish etishi muhim edi: Qrimga berilgan zarbalar bunday ustunlikning eng yaxshi isbotlaridan biridir.

Urush G‘arbni Kiyev atrofida to‘pladi: Qrimni Ukrainaga qaytarish g‘oyasi endi ko‘proq nufuzli ittifoqchilarga ega

Kiyev Qrimni deokkupatsiya qilish siyosatini amalga oshirishda G‘arb davlatlarining qo‘llab-quvvatlashiga umid qilmoqda. Agar 2022 yil fevraligacha yarimorolni ozod qilish ko‘proq ritorikaga aylangan va jahon diplomatiyasining barcha e’tibori Donbass va Minsk kelishuvlariga qaratilgan bo‘lsa, Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinidan so‘ng Ukraina Qrim yo‘nalishida yanada jiddiy yordamga umid qilishi mumkin.

2022 yilda «Qrim platformasi» sammiti xavfsizlik nuqtayi nazaridan onlayn tarzda o‘tkazildi. Unda faqat Polsha prezidenti Anjyey Duda shaxsan ishtirok etdi. Biroq, masofaviy ishtirokchilar ro‘yxati, 2021 yilga qaraganda ancha katta edi. Forumning asosiy ma’ruzachilari orasida AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken, Germaniya kansleri Olaf Shols, NATO Bosh kotibi Yyens Stoltenberg, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Britaniya bosh vaziri Boris Jonson, Turkiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘an, Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo va Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida bor edi. Sammitda 60 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilotlar ishtirok etdi.

Zelenskiy ochilish tadbirida so‘zga chiqib, Qrim Ukrainaga qaytib, Yevropa Ittifoqining bir qismi bo‘lishi va yarimoroldagi «bosqinchilik oqibatlari» bartaraf qilinishini yana bir bor ta’kidladi. Shuningdek, prezident hudud «Kiyev to‘g‘ri deb hisoblaydigan har qanday yo‘l bilan qaytarilishi», bu borada «boshqa davlatlar bilan maslahat qilinmasligi»ni aytdi.

Xorijiy yetakchilar tomonidan ham keskin bayonotlar berildi. NATO sharqiy qanoti vakillari chiqishlari keskinroq bo‘ldi. Masalan, Duda Rossiya va Ukrainaning 2022 yil 23 fevral holatidagi chegaralariga qaytishini «qabul qilib bo‘lmas» deb atadi. U «Ukrainaning butun hududini Qrim bilan birgalikda ozod qilish zarurligi»ni ta’kidladi. Estoniya prezidenti Alar Karis Qrimda boshlangan urush Qrimda tugashi lozimligi haqidagi Zelenskiyning tezislarini yana bir bor takrorladi.

«Qrim platformasi» yakuniga ko‘ra, ishtirokchilar bosib olingan hududlarni deokkupatsiya qilish va Ukrainani qo‘llab-quvvatlash maqsadida Rossiyaga bosim o‘tkazishda davom etishga va’da berishdi. Avvalgi sammit ham xuddi shunday rezolyutsiya bilan yakunlangandi, biroq matnning o‘xshashligiga qaramay, mazmun tubdan o‘zgardi. Agar 2021 yilda gap ko‘proq Ukrainani ramziy qo‘llab-quvvatlash va Qrimning annexia qilinishini tan olish haqida ketgan bo‘lsa (o‘sha paytda G‘arb davlatlari Rossiyani birinchi marta «bosqinchi davlat» sifatida tan olishgan), bugungi kunda Rossiyaga bosim misli ko‘rilmagan sanksiyalar bilan, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash esa G‘arb tomonidan berilayotgan katta harbiy va iqtisodiy yordamda ifodalanmoqda.

Mavzuga oid