O‘zbekiston | 15:20 / 29.08.2022
8779
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent aeroporti avtoturargohida joylar soni ikki barobarga ortadi

Uzbekistan Airports balansiga Toshkent aeroporti xalqaro aviaqatnovlar terminali atrofidagi oltita avtoturargoh topshirilgan. 

Foto: Kun.uz

Uzbekistan Airports xabariga ko‘ra, yaqin vaqt ichida o‘rtacha 400 avtomobilga mo‘ljallangan yana bir avtoturargoh topshirilishi kutilmoqda. Avtoturargohlarni rekonstruksiya qilish va kattalashtirish natijasida avtomobil turar joylari umumiy soni ikki barobar ortadi.

Aeroport yaqinidagi mavjud avtoturargohlarni rekonstruksiya qilish va yangilarini qurish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Uchib ketish zali oldidagi avtoturargohda avtomobil turar joylari soni 214 tadan 333 taga oshiriladi. Hudud soyabon va savdo nuqtalarini olib tashlash, avtobus va taksilar uchun kirish yo‘laklarini qayta qurish hisobiga kengaytiriladi. Uchib kelish zali oldida 175 o‘rinli yangi avtoturargoh yaratilib, 122 o‘rinli mavjud avtoturargoh rekonstruksiya qilindi. Aeroport atrofidagi hudud yangi loyihasiga asosan avtomobil turar joylari soni 187 foizga — 336 tadan 630 tagacha ko‘paytirildi.

Uchish va kelish zallari orasidagi avtoturargoh rekonstruksiya qilinmoqda va u mehmonxonaga/mehmonxonadan tashishni amalga oshiruvchi turistik avtobuslar va mikroavtobuslar uchun mo‘ljallangan. Chekka hududdagi ikkita avtoturargoh ham kelgusida rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilmoqda. Yashil hududdagi katta avtoturargoh hozirda Uzbekistan Airports balansiga o‘tkazilmoqda.

Barcha avtoturargohlar avtomatlashtiriladi, hozirda rekonstruksiya qilish doirasida kerakli jihozlar o‘rnatilmoqda. Aerovokzal atrofidagi ishlarni joriy haftada yakunlash rejalashtirilmoqda. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid