O‘zbekiston | 10:18 / 31.08.2022
5696
5 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlik kodeksi loyihasi e’lon qilindi

O‘zbekiston Tadbirkorlik kodeksi loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Tadbirkorlik kodeksi loyihasiga 100 ortiq qonunchilik hujjatlarini unifikatsiya qilish ko‘zda tutilmoqda. Shulardan, 9 ta qonun, 2 ta qonun loyihasi hamda 10 dan ortiq qonunosti hujjatlari kodeks loyihasiga yaxlit unifikatsiya qilinishi nazarda tutilmoqda.

Kodeks loyihasi maqsadi tadbirkorlik sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Kodeks loyihasi asosiy vazifalari fuqarolar tadbirkorlik faoliyatida erkin ishtirok etishi va undan manfaatdor bo‘lishi uchun kafolatlar hamda sharoitlar yaratishdan, xususiy mulk, tadbirkorlik sub’yektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdan iborat.

Kodeks loyihasi 8 ta bo‘lim, 34 ta bob va 385 ta moddadan iborat. Kodeks loyihasida quyidagilar nazarda tutilmoqda:

  • ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasiga asosan, tadbirkorlik sub’yektlari kichik, o‘rta va yirik toifalarga ajratilmoqda (amalda faqat kichik tadbirkorlik sub’yektlari va yirik soliq to‘lovchilar tushunchalari mavjud);
  • tadbirkorlik sub’yektlarini toifalarga ajratish davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va rasmiy statistika ma’lumotlarini shakllantirish maqsadida amalga oshiriladi;
  • kichik – yakka tartibdagi tadbirkor (5 nafar xodim), mikrofirma – 20 nafar xodim, yillik aylanmasi BHM 3 500 baravarigacha, kichik korxona – 100 nafargacha xodim, yillik aylanmasi BHM 35 ming baravarigacha, o‘rta – 250 nafargacha xodim, yillik aylanmasi BHM 350 ming baravaridan ortiq bo‘lmagan, yirik – 250 nafar xodimdan va yillik aylanmasi BHM 350 ming baravaridan ortiq tadbirkorlik sub’yektlari;
  • tadbirkorlik sub’yektlari tashkiliy-huquqiy shakllari bazasi ixchamlashtirilib, tadbirkorlar ichida ommabop bo‘lmagan «xo‘jalik shirkati» tashkiliy-huquqiy shakli bekor qilinmoqda;
  • yakka tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lmagan faoliyat turlarini belgilagan holda ularga qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish huquqi berilmoqda;
  • tadbirkorlikni davlat tomonidan tartibga solish chegaralari hamda tartibga solish shakllari belgilanmoqda;
  • 43 ta davlat organi 146 ta nazorat funksiyalari va biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibida o‘tkaziladigan 18 turdagi tekshiruvlar ro‘yxatlari kodeksga ilova sifatida tasdiqlanmoqda. Ro‘yxatga kiritilmagan barcha tekshiruvlar biznes-ombudsman bilan kelishilgan tartibda amalga oshirilishi belgilanmoqda;

davlat nazorati 4 ta shakli belgilanib, shundan faqat ma’lumotlarni tahlil qilish va tekshiruvda aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan tadbirkorga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llanilishi belgilanmoqda. Bunda:

  • moliyaviy sanksiyalar sud tomonidan qo‘llaniladi (bundan soliqqa tortish va bank sohalaridagi sanksiyalar mustasno);
  • bir xil turdagi huquqbuzarlik uchun tadbirkorlik sub’yektiga moliyaviy sanksiya va mansabdor shaxsiga ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan hollarda faqat moliyaviy sanksiya qo‘llaniladi;
  • birinchi marta huquqbuzarliklar sodir etgan tadbirkorlik sub’yektlari ushbu qonunbuzilishni bartaraf etish to‘g‘risidagi ko‘rsatmani bajargan, yetkazilgan zararni qoplagan taqdirda, ularga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilmaydi;
  • barcha talablarni o‘z ichiga olgan tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar reyestri hamda tadbirkorlik sub’yektlari uchun imtiyozlar yagona reyestrini shakllantirish va oshkor etish nazarda tutilmoqda. Majburiy talablar reyestriga kiritilmagan talablar bo‘yicha javobgarlik belgilash taqiqlanmoqda;

qo‘shimcha majburiyatlarni yuklashni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlarga qabul qilingandan keyin bir yil davomida o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taqiqlanadi (yengillashtiruvchi normalardan tashqari).

Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat subsidiyalarini joriy etish quyidagi tartibi belgilanmoqda:

  • subsidiya O‘zbekiston prezidenti qarori bilan joriy etiladi, tartib-taomillari – hukumat tomonidan belgilanadi;
  • subsidiyalar asosiy yo‘nalishlari belgilanadi va ular «yagona darcha» prinsipi asosida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ajratiladi.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki takliflari va xalqaro standartlarga muvofiq ayollar va yoshlar tadbirkorligi hamda ularni qo‘llab-quvvatlash tizimi (alohida dasturlar asosida) joriy etilmoqda.

Ijtimoiy tadbirkorlik, ijtimoiy korxona, aholi ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari ro‘yxati va nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari belgilanmoqda. Biznes-inkubatorlar huquqiy maqomi, maqsad va vazifalari belgilanmoqda.

Davlat korxonalariga raqobatni cheklovchi to‘g‘ridan to‘g‘ri soliq, bojxona va boshqa turdagi imtiyoz va preferensiyalar berish taqiqlanmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid