Jahon | 17:29 / 01.09.2022
23039
2 daqiqa o‘qiladi

Mashhur tiktoker Habi Leym O‘zbekistondan sovg‘a oldi

Italiyalik videobloger va dunyodagi eng mashhur tiktoker Habi Leym O‘zbekistondan sovg‘a oldi.

Foto: Videodan kadr

Habi Leym tegishli videoni 31 avgust kuni Instagram akkauntida joylashtirdi. Video Youtube’da ham tarqaldi.

«Rahmat, O‘zbekiston», deydi Habi Leym. 

Ichiga adras solingan qutida tiktokerga turli xil meva va sabzavotlar, jumladan olma, pomidor, rediska, qalampir, «Oq Husayni» navidagi uzum va boshqalar yuborilgan. Umuman, O‘zbekistonda yetishtiriladigan meva va sabzavotlar qutidan joy oldi. Posilka jo‘natishni kim uyushtirgani hozircha noma’lum. 

Shu yilning yozida italiyalik bloger Habi Leym dunyodagi eng mashhur tiktokerga aylangani ma’lum bo‘ldi. Hozirda uning 149,1 million obunachisi bor. 

Habi Leym 2020 yilda Turindagi fabrikada pandemiya tufayli ishlab chiqarish moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgani oqibatida ishini yo‘qotganidan so‘ng TikTok’ga video joylashtira boshlagan. 

Hozir bloger 22 yoshda, u parodiyali kliplarni so‘zsiz yozadi va mashhur layfxaklarni rad etib chiqadi. 

«Kontentimning eng qiziqarli qismi bu - sukunat. Ovozsiz komediya dunyoda hamma tushunadigan tilda gapiradi», dedi Leym Vogue jurnaliga bergan intervyusida. 

Mavzuga oid