Jahon | 09:22 / 02.09.2022
7555
4 daqiqa o‘qiladi

Ukraina bosh vaziri Berlindan zamonaviy jangovar tanklar so‘radi

Kiyev hamkorlardan «qurol yetkazib berish falsafasini o‘zgartirishini» kutmoqda, dedi Denis Shmigal Germaniyaga tashrifi oldidan.

Foto: AFP

Ukraina Germaniya hukumatidan Rossiya agressiyasidan himoyalanish uchun unga zamonaviy jangovar tanklar topshirishni so‘ramoqda, dedi Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal Germaniyaga tashrifi arafasida dpa agentligiga. Uning intervyusidan parchalar 2 sentabr, juma kuni chop etildi. «Biz qurol-yarog‘ ta’minoti falsafasini o‘zgartirishimiz kerak. Bu bilan aytmoqchimanki: zamonaviy jangovar tanklar berilishi lozim», - deya ta’kidladi Shmigal. «Qo‘shma Shtatlar bizga Abrams tanklarini yetkazib berishini kutamiz, Germaniyadan esa Leopard 2’ni kutyapmiz. Bular Ukrainaga jang maydonida kerak bo‘lgan zamonaviy tanklar», - dedi u.

Denis Shmigal 3 sentabr kuni Berlinga keladi, ertasi kuni esa Germaniya kansleri Olaf Shols bilan uchrashadi. Shu tariqa, Shmigal Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi urush boshlanganidan beri Berlinga tashrif buyuradigan eng yuqori martabali ukrainalik siyosatchiga aylanadi.

«Germaniya Ukrainani qurol-yarog‘ bilan qo‘llab-quvvatlashda ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi», dedi Ukraina bosh vaziri. Dastlab Kiyevga faqat himoya vositalari va dubulg‘alar yetkazib berilgan bo‘lsa, bugungi kunda bu - eng zamonaviy quroldir, dedi u. Xususan, iyun oyida Ukraina birinchi marta Germaniyadan PzH 2000 o‘ziyurar artilleriya qurilmalarini oldi. Bundan tashqari, Berlin Kiyevga 15 ta o‘ziyurar zenit qurilmalari, uchta yalpi o‘t ochish reaktiv tizimi va uchta zirhli qutqaruv mashinasini yubordi. «Ammo, biz imkon qadar tezroq ko‘proq qurol va texnika olishni istaymiz», - dedi Denis Shmigal. 

Jang tanklari va piyoda jangovar mashinalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri topshirish hali ham Shols kabineti uchun taqiqda turibdi. NATOning hech qaysi davlati haligacha bunday qurol tizimlarini Ukrainaga bermagan, deya qayd etdi dpa. Ispaniya esa Kiyevga Germaniyada ishlab chiqarilgan Leopard 2 tanklarini taklif qildi. Shmigal ular Ukraina tomoniga to‘g‘ridan to‘g‘ri berilishini talab qilmoqda. Shuningdek, u Sholsdan IRIS-T havo mudofaa tizimlarini so‘radi. Germaniya hukumati avvalroq to‘rtta shunday tizim jo‘natishga va’da bergan edi. Biroq, Ukraina, Denis Shmigalning so‘zlariga ko‘ra, 12 ta bunday tizimga muhtoj, ya’ni - uch barobar ko‘p. 

Bundan tashqari, Ukraina hukumati rahbari Germaniyadan moliyaviy yordam olishdan umidvor. «Shuningdek, kansler Shols Xalqaro valuta jamg‘armasi va Yevrokomissiya orqali keyingi yordam ko‘rsatishda yetakchi rol o‘ynashini kutamiz. Xalqaro yordamsiz Ukraina iqtisodiyoti giperinflatsiya xavfi ostida», - dedi Shmigal. 

Ukraina bosh vaziri Germaniya xalqini urush bilan bog‘liq barcha muammolarga qaramay, uning borishini kuzatishga chaqirdi. «Biz ozodlik tarafdorimiz. Ozodlik uchun kurashishdan charchash mumkinligiga ishonmayman», - deydi u. «Biz hammamiz bu rejimning (Putinning) nishonidamiz. Birga bo‘lishimiz va Yevropada ozodlik uchun birgalikda kurashishimiz kerak», - deya xulosa qildi Ukraina vazirlar mahkamasi rahbari. 

Avgust oyi boshida Yevropa ittifoqi Kiyevga yangi makromoliyaviy yordam paketidan 1 milliard yevro o‘tkazdi. 1 avgust kuni Denis Shmigal Ukraina ushbu paketdan dastlabki 500 million yevro olganini e’lon qilib, 2 avgustda yana 500 million yevro olinishini ta’kidladi. Bosh vazir so‘zlariga ko‘ra, bu mablag‘lar Kiyevning «birinchi navbatdagi budjet ehtiyojlarini moliyalashtirishga» yordam beradi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid