O‘zbekiston | 07:34 / 03.09.2022
14861
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryo viloyati hokimi kombaynda paxta terimi mavsumiga start berdi

2 sentabr kuni Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi "Sardoba Universal Klaster" paxta to‘qimachilik klasteri paxta maydonlarida “Paxta-2022” yig‘im-terim mavsumiga start berildi. 

Videodan kadr

Sirdaryo viloyati hokimligi xabariga ko‘ra, unda viloyat hokimi G‘ofur Mirzayev zamonaviy terim mashinasini boshqarib, paxta terimini boshlab berdi.

Klaster rahbari qayd etishicha, keyingi paytlarda paxta hosilini yig‘ishtirib olishda mexanizatsiyalashni joriy etish anchayin jadallashgani mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Bu yil klaster yer maydonlarida yetishtirilgan paxta hosilini to‘laligicha terim mashinalari yordamida yig‘ib olish maqsad qilingan.

Avgust oyi boshida jahon bozorida shakllangan narxlar, mas’ul etib belgilangan vazirlik va idoralar takliflarini inobatga olgan holda O‘zbekistonda yetishtirilgan 1 tonna paxta xomashyosining minimal narxlari ma’lum qilingandi.

O‘rta tola navli paxta xomashyosi minimal narxi QQS bilan birga 10 025 ming so‘mni, 1 tonna ingichka tola navli paxta xomashyosi minimal narxi QQS bilan birga 15 120 ming so‘mni tashkil etdi.

Tavsiya etilayotgan minimal narxdan kelib chiqqan holda paxta xomashyosini yetishtiruvchi va uni qabul qiluvchi sub’yektlar shartnomaviy munosabatlar doirasida paxta xomashyosi narxlarini o‘zaro manfaatli kelishuv asosida mustaqil ravishda belgilaydi.

Mavzuga oid