09:04 / 07.09.2022
12989

Boltiqbo‘yi mamlakatlari: Germaniya Rossiyaning shantajiga berilmasligi kerak

Energiya tashuvchilar narxining oshishi va gaz taqchilligi tahdidi ostida Latviya, Estoniya va Litva hukumat rahbarlari nemislarni Moskvaga yon bermaslikka chaqirdi.

Krishyanis Karinsh / Foto: AP

Boltiqbo‘yi davlatlari Germaniyaga murojaat qilib, energiya tashuvchilar narxi oshishi va kelayotgan qishda tahdid solayotgan gaz taqchilligiga qaramay, Rossiyaga yon bermaslikka chaqirdi. «Shantajchiga taslim bo‘lish kerak, deyotganlarning o‘zi o‘ta xavfli», dedi Latviya Bosh vaziri Krishyanis Karinsh Germaniyaning Die Welt gazetasiga bergan intervyusida, undan parchalar 7 sentabr, chorshanba kuni kechqurun chop etildi.

«Mamlakatimizda inflatsiya 25 foizni tashkil etadi. Bu urush solig‘i, - dedi Estoniya bosh vaziri Kaya Kallas nashrga. - Biz ularni yevroda to‘layapmiz, ukrainaliklar - insonlar hayoti bilan to‘layapti». U Germaniyani narxlar oshishiga qaramay, Ukraina bilan birdamlikda qolishga chaqirdi. 

Litva bosh vaziri Ingrida Shimonite, o‘z navbatida, «Shimoliy oqim-1» yopilishi fonida «Shimoliy oqim-2» gaz quvurini ishga tushirish talablarini tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Shimoliy oqim-1»da haqiqiy texnik muammolar mavjud bo‘lsa ham, Rossiya o‘z gazini quruqlik orqali, masalan, «Yamal» gaz quvuri orqali jo‘natishi mumkin. «Shimoliy oqim-1»da texnik muammolar borligiga kimdir haqiqatan ham ishonadimi?» - deb qo‘shimcha qildi Litva bosh vaziri. 

Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi 3 sentabr kuni «Portovaya» kompressor stansiyasida neft sizib chiqib ketganini bahona qilib, «Shimoliy oqim-1» orqali gaz yetkazib berishni qayta tiklashdan bosh tortdi. Bunga javoban Germaniyaning Siemens Energy AG kompaniyasi «Shimoliy oqim-1» gaz quvuri ishini to‘xtatish uchun hech qanday texnik sabablar yo‘qligini ma’lum qildi. 

Mavzuga oid
Top