Jahon | 12:12 / 08.09.2022
5358
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada jismoniy shaxslarning «do‘st» mamlakatlar valutasiga bo‘lgan talabi oshdi

Rossiya Federatsiyasida jismoniy shaxslarning Xitoy yuani, turk lirasi va dirhamni (BAA) sotib olishga bo‘lgan talabi ortib bormoqda, deb yozadi «Kommersant».

Foto: AFP

Rossiyada jismoniy shaxslar tomonidan Rossiya rasmiylari «do‘st» deb hisoblagan mamlakatlar milliy valutasini sotib olishga va sotishga talab ortdi. Bu haqda 8 sentabr, payshanba kuni «Kommersant» gazetasi xabar berdi. 

Gap, birinchi navbatda, Xitoy yuani haqida ketmoqda. Promsvyazbank rezidentlar uchun turk lirasini, Sovcombank esa dirhamni (BAA) ayirboshlashni boshladi. Dirham dollar va yevroga muqobil sifatida investitsiya maqsadlarida, shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklariga sayyohlik yoki xizmat safarlarida foydalanish uchun taklif etilyapti. 

Ayni paytda, Rossiya moliya vaziri o‘rinbosari Aleksey Moiseyevning RBK’ga aytishicha, Rossiya davlat kompaniyalari o‘z balanslarida qolgan yetakchi G‘arb valutalaridan qanday foydalanish bo‘yicha rejalarni taqdim etishlari kerak bo‘ladi. Ular Rossiya ommaviy axborot vositalari tomonidan Ukrainaga qarshi tajovuz uchun sanksiyalar joriy etilganidan keyin «zaharli» deb atalgandi.
 
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hukumati tegishli ko‘rsatma tayyorlamoqda. «Kompaniyalar reja ishlab chiqishi kerak. Faqat valutani olib, sotish emas, balki ushbu valuta bilan biror narsa qilishga qaratilgan harakatlar rejasini ishlab chiqish kerak», deb tushuntirdi vazir o‘rinbosari. Masalan, import xaridi yoki obligatsiyalarni so‘ndirish uchun dollar va yevroni yo‘naltirish mumkin. 

Avgust oyida Rossiya banki moliya bozori bilan bog‘liq yangi vazifalar to‘g‘risida hisobot e’lon qildi. Hisobotdan ko‘rinib turibdiki, ulardan biri - «moliya va real sektorlar balanslarining devalyutizatsiyasi»dir. Moliyaviy muassasa banklarning «zaharli» valutalardagi operatsiyalarini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha tartibga solish choralarini ko‘rishga va’da berdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid