Jahon | 08:19 / 08.09.2022
5250
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina «DXR»da britaniyalik ko‘ngillining o‘ldirilishini tergov qilmoqda

Pol Urining jasadi bir yarim oylik muzokaralardan so‘ng «DXR»dan Ukrainaga qaytarildi. Jasad ko‘plab tan jarohatlari izlari bo‘lgan holda yomon holatda, dedi Ukraina bosh prokurori Kostin.

Pol Uri / Foto: Dmitriy Lubinets facebook

Ukraina Bosh prokuraturasi 7 sentabr, chorshanba kuni bir yarim oydan ko‘proq davom etgan muzokaralardan so‘ng jasadi Ukraina rasmiylariga topshirilgan britaniyalik ko‘ngilli Pol Urining «DXR» hududida qiynoqqa solingani va o‘ldirilgani bo‘yicha sudga qadar tergov boshladi. Ukraina bosh prokurori Andrey Kostinning so‘zlariga ko‘ra, tergovda Kiyev aloqada bo‘lgan Buyuk Britaniya vakillari ham ishtirok etmoqda. 

«Ko‘ngillining tanasida tan jarohatlari izlari bor, bu uning o‘limiga asl sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan qo‘pol muomaladan dalolat beradi. Jasad noto‘g‘ri sharoitlarda saqlangan va yomon holatda, shuning uchun o‘lim va tan jarohati holatlarining haqiqiy sabablari sud-tibbiy ekspertiza davomida aniqlanadi», dedi Kostin brifingda. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘ngilliga zaruriy yordam, xususan, tibbiy yordam ko‘rsatilmagan, u noqulay sharoitlarda saqlangan, deyishga asos bor. 

Bosh prokuraturaning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, Pol Uri va yana bir britaniyalik Dilan Gill aprel oyida Zaporijjya oblastidagi Dniprorudne yaqinida rus harbiylari tomonidan qo‘lga olingan, ular u yerda mahalliy aholiga jangovar harakatlar hududidan evakuatsiyada ixtiyoriy ravishda yordam bergan. Ular majburan «DXR»ga olib ketilgan. Iyul oyida «DXR» «hokimiyati» ko‘ngillining kasallik va stress tufayli vafot etgani haqida xabar bergan. Dilan Gill «DXR»da asirda ushlab turilibdi, u yollanma askarlik faoliyatida ayblanyapti.

O‘z navbatida, Ukraina Oliy radasining inson huquqlari bo‘yicha komissari Dmitriy Lubinets Pol Urining «o‘limi zo‘ravonlik oqibatida yuz bergani haqida mas’uliyat bilan gapirishi» mumkinligini aytdi. «Odam bunday qiynoqlarga chiday olmaydi. Men marhumning jasadi suratini ko‘rdim va uni ko‘rgan odamda bunga hech qanday shubha qolmaydi», - deydi Lubinets. 

Mavzuga oid