Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
XOQ inson huquqlariga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytiradi
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi shov-shuvli Pekin Olimpiadasidan olti oy o‘tib, sport musobaqalari vaqtida ularga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida «Inson huquqlari bo‘yicha hadli strategiya»ni tasdiqladi.
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) ijroiya qo‘mitasi 9 sentabr, juma kuni «Inson huquqlari bo‘yicha hadli strategiya»ni tasdiqladi. Tashkilot veb-saytida aytilishicha, 50 sahifadan iborat hujjat «XOQ, Olimpiya o‘yinlari va butun Olimpiya harakati ishini tubdan belgilaydi, inson huquqlari o‘z vakolatlari doirasida himoya qilinishini ta’minlaydi».
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi, xususan, «Olimpiya o‘yinlari o‘tkaziladigan mamlakatlarni tanlashda inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi ilg‘or tajribalarni joriy etishga» va’da bermoqda. XOQ milliy tashkiliy qo‘mitalar bilan inson huquqlarini himoya qilish sohasida «aniq talablar va qo‘llab-quvvatlovchi vositalar bilan ta’minlash» orqali hamkorlik qilishini aytgan.
Hujjatda aytilishicha, XOQning inson huquqlariga sodiqligi Olimpiya musobaqalarining xavfsizligi va inklyuzivligida ham namoyon bo‘ladi. Bunga imkoniyati zaif guruhlardagi sportchilarning vakolatlarini kengaytirish kiradi.
«Inson huquqlari bo‘yicha hadli strategiya» Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan 2022 yilda Pekinda bo‘lib o‘tgan qishki Olimpiada o‘yinlari tugaganidan olti oy o‘tib qabul qilingan. Ularning ochilishini Xitoyda ko‘plab inson huquqlari buzilishi holatlari tufayli bir qator G‘arb davlatlari rahbarlari boykot qildi. Uyg‘urlar va tibetliklarning, Hongkongdagi muxolifatning muntazam ravishda bostirilishi, o‘z fuqarolari ustidan kuzatuvning kengaytirilishi, xitoylik tennischi Pen Shuay bilan sodir bo‘lgan voqea shular jumlasidandir.
1 sentabr kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom tumanida inson huquqlarining buzilishiga oid hisobotini taqdim etdi. Hisobotda aytilishicha, «uyg‘ur va boshqa asosan musulmon guruhlarga nisbatan ta’qiblar xalqaro jinoyatlar, xususan, insoniyatga qarshi jinoyat bo‘lishi mumkin».
Hisobot e’lon qilinganidan so‘ng jurnalistlar savollariga javob berar ekan, XOQ prezidenti Tomas Bax o‘zi boshqarayotgan tashkilot «jahon hukumati» emasligini va XOQ Xitoy sport rasmiylari bilan «mezbonlik shartnomasi bo‘yicha barcha majburiyatlarning bajarilishini ta’minlash yuzasidan ish olib borganini aytdi».
Mavzuga oid
08:34 / 19.05.2026
Xorijdagi yoshlar uchun xalqaro o‘zbek tili olimpiadasi tashkil etiladi
21:45 / 07.05.2026
XOQ Belarus sportchilari uchun barcha cheklovlarni bekor qildi
19:59 / 24.04.2026
Namanganda fuqaroni qiynoqqa solgan IIB xodimlari qamaldi
17:20 / 01.04.2026