Jahon | 14:14 / 14.09.2022
9674
3 daqiqa o‘qiladi

Fon der Lyayyen: Rossiyaga qarshi sanksiyalar yaqin orada bekor qilinmaydi

Yevrokomissiya rahbari Kremlga qarshi sanksiyalarni Putinning o‘zi tanlagan o‘lim va halokat yo‘li bahosi deb atadi. Ursula fon der Lyayyenga ko‘ra, Putin yutqazadi, Yevropa yutadi.

Foto: AP

Rossiya yaqin kelajakda Yevropa ittifoqi tomonidan unga nisbatan joriy qilingan sanksiyalar bekor qilinishiga umid qilmasligi kerak, dedi Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayyen. «Sanksiyalar uzoq davom etishiga hech qanday shubha qoldirmoqchi emasman. Rossiya iqtisodiyoti aloqalarni yo‘qotishi uchun javobgarlik Moskvada. Bu Putin tanlagan o‘lim va yo‘q qilish yo‘lining bahosi. Putin yutqazadi, Yevropa esa g‘alaba qozonadi», - dedi fon der Lyayyen 14 sentabr, chorshanba kuni Strasburgda Yevropa ittifoqining holati haqida so‘zlagan nutqida. 

Yevrokomissiya rahbari Yevropa ittifoqi tomonidan Rossiyaga nisbatan joriy qilingan jazo choralarini dunyodagi eng qattiq cheklovlar deb atadi. Uning ta’kidlashicha, Yevropa birinchi kundanoq Ukraina tomonida bo‘lgan va kelajakda ham uning tomonida qoladi. Yevropa Ukrainaga qurol-yarog‘, moliyaviy ko‘mak berish va ukrainalik qochqinlarni qabul qilish orqali yordam berdi, dedi Ursula fon der Lyayyen. «Yevropa jamoasi allaqachon 19 milliard yevro miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatdi», dedi u va bu yordamda qurol yetkazib berish hisobga olinmaganini ta’kidladi. 

Energetika inqirozi sharoitida yevropaliklarning moliyaviy yukini kamaytirish uchun Ursula fon der Lyayyen energiya kompaniyalarining o‘ta yuqori daromadlarini iste’molchilar foydasiga qayta taqsimlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ilgari surdi. «Bizning taklifimiz a’zo mamlakatlarga inqirozning salbiy oqibatlarini yumshatish uchun 140 milliard yevrodan ortiq mablag‘ni ta’minlaydi», — dedi Yevrokomissiya rahbari. 

Ayni paytda gaz narxi yuqoriligi sababli elektr energiyasi narxi ham ko‘tarilmoqda. Quyosh, shamol, yadro va ko‘mirdan olinadigan arzon elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilar ham uni yuqori narxlarda sotish imkoniyatiga ega. 

Fon der Lyayyen tomonidan taqdim etilgan qonun loyihasida gazdan elektr energiyasi ishlab chiqarmaydigan kompaniyalar megavatt/soat uchun 180 yevro miqdoridagi ortiqcha foydani davlatga chegirib tashlashlari kerakligi ko‘rsatilgan. Bundan yig‘ilgan mablag‘lar iste’molchilarni qo‘llab-quvvatlash tadbirlarini moliyalashtirishga yordam beradi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid