Izyumda Rossiya qo‘shinlari chiqib ketganidan so‘ng, ommaviy qabrlar topildi
Ukraina politsiyasiga ko‘ra, ozod qilingan Izyumdagi ommaviy ko‘mish joyidan 440 ga yaqin qabr topilgan. Volodimir Zelenskiy xalqaro hamjamiyatni «Rossiyani haqiqiy javobgarlikka tortishga» chaqirdi.
Yaqinda Ukraina armiyasi tomonidan ozod qilingan Xarkiv oblasti Izyum shahrida odamlarning ommaviy qabri topildi. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 15 sentabr, payshanba kuni o‘zining an’anaviy kechki murojaatida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, zaruriy ishlar allaqachon boshlangan. «Qo‘shimcha ma’lumotlar – aniq, tasdiqlanishi – ertaga bo‘lishi kerak», - dedi davlat rahbari hamda Ukraina va xalqaro jurnalistlar Izyumga 16 sentabr kuni yetib borishini qo‘shimcha qildi.
«Biz dunyo haqiqatda nima bo‘layotganini va Rossiya okkupatsiyasi nimaga olib kelganini bilishini istaymiz. Bucha, Mariupol, hozir, afsuski, Izyum. Rossiya hamma joyda o‘lim qoldirib ketyapti. Buning uchun javob berishi kerak. Dunyo Rossiyani haqiqiy javobgarlikka tortishi kerak. Buning uchun hamma narsani qilamiz», dedi Zelenskiy.
Britaniyaning Sky News telekanaliga Xarkiv oblasti politsiyasi tergov boshqarmasi boshlig‘i Sergey Bolvinov Izyumdagi ommaviy qabrda 440 ga yaqin jasad topilganini aytdi. «Aytishim mumkinki, ozod qilingan bitta shahardagi eng katta qabrlardan biri shu yerda joylashgan, unda 440 dan ortiq jasad qoldiqlari bor», — dedi u hamda jasadlar alohida ko‘milganini ta’kidlab o‘tdi.
Bolvinovning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi odamlar o‘ldirilgan, boshqalari esa artilleriya o‘qlari va havo hujumlarida halok bo‘lgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, barcha jasadlar eksgumatsiya qilinadi va Rossiya harbiy jinoyatlari bo‘yicha tergov doirasida sud-tibbiyot ekspertizasiga yuboriladi.
«Nastoyashcheye vremya» telekanali Ukraina jurnalistlari tahririyatga topshirgan Izyum yaqinidagi o‘rmonda dafn etilganlar suratlarini e’lon qildi. Rasmlarda xochlar ko‘rinadi, ularning ko‘pchiligi taxtalardan qilingan. Ba’zi xochlarda yozuvlar bor - familiyalar yoki raqamlar, masalan, «UQK, 17 kishi, o‘likxonadan». Shu bilan birga, qabrlarning bir qismi xochsiz.
Izyumga tashrif buyurgan Ukrainaning alohida holatlarda bedarak yo‘qolganlar bo‘yicha vakolatli vakili Oleg Kotenko «Nastoyashcheye vremya»ga suratlarning haqiqiyligini tasdiqladi. Telekanal efirida u Ukraina tomoni rossiyalik harbiylar joylashtirgan videolardan qabrlar borligini bilganini va Izyum ozod etilganidan keyin uni qidirganini aytdi.
Kotenkoning aytishicha, bu yerda yuzlab qabrlar bor. O‘lganlar orasida harbiylar ham, tinch aholi ham borligi taxmin qilinmoqda. O‘lim sanalariga ko‘ra, Rossiya armiyasi tomonidan Izyumni o‘qqa tutish paytida tinch aholining kamida bir qismi halok bo‘lgan, dedi vakolatli vakil.
Mudofaa vazirligi rahbari maslahatchisi Aleksey Kopitko 15 sentabr kuni «bosqinchilar tomonidan Izyumda sodir etilgan vayronagarchilik ko‘lamini bir nechta Borodyankadagi vayronagarchilik bilan, qurbonlar sonini esa kamida ikkita Bucha bilan solishtirish mumkin», dedi.
Mavzuga oid
14:18
Rossiya o‘zbekistonliklarni sendvich-panellar ishlab chiqarish sohasida ishga olmoqchi
14:18
Rossiya o‘zbekistonliklarni sendvich-panellar ishlab chiqarish sohasida ishga olmoqchi
09:59
Britaniyaning eng yirik banki Rossiyadan to‘lovlarni qabul qilishni to‘xtatdi
23:22 / 22.11.2024