O‘zbekiston | 07:15 / 21.09.2022
8260
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat bog‘chalarida yagona mavsumiy taomnomalar ishlab chiqiladi

Joriy yil 20 sentabr kuni Senat kengashi navbatdagi majlisida davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ovqatlanishni tashkil etish tizimidagi muammolarni o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhi oldida turgan vazifalar ko‘rib chiqildi.

Foto: Kun.uz

2017 yilda respublika bo‘yicha jami 5 211 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ular soni 28 012 tani tashkil etmoqda. Mazkur muassasalarda bola qamrovi 708 ming nafardan qariyb 2 million nafar (69,4 foiz)ga yetdi. 2022 yil 1 yanvar holatiga mamlakatda 6300 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat ko‘rsatib, ularda 1 million 276 ming bola qamrab olingan. 1185 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ovqatlanish autsorsing usulida tashkil etilgan bo‘lsa, 5145 tasi o‘z oshxonasiga ega.

Senat raisi Tanzila Norboyeva tizimdagi yutuqlar bilan birga, qator kamchiliklarni ham sanab o‘tdi. Bolalarni autsorsing usulida ovqatlantirishni tashkil etishda qator jiddiy kamchiliklar mavjud. Ularni nazorat qilish mexanizmlari to‘liq ishlab chiqilmagan. Ovqatlantirish tizimida inson omili yuqoriligi korrupsiya rivojlanishiga sabab bo‘lmoqda.

“Hokimliklar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari narxlari pasaytirib qayd etilmoqda. Natijada yetkazib beriladigan mahsulot sifati pasayishiga yoki hajmi kamayishiga olib kelmoqda. Tuman MTB mutaxassislari, davlat MTT direktorlari va boshqa xodimlari ovqatlantirish bilan bog‘liq lavozim majburiyatlarini hamda huquqlarini bilmaydi”, - deydi Tanzila Norboyeva.

Yig‘ilishda qayd etilgan muammolardan kelib chiqib tahliliy material tayyorlash zarur ekani qayd etildi va unda o‘z aksini topishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga topshiriqlar berildi.

Maktabgacha ta’lim, Sog‘liqni saqlash va Moliya vazirligiga bolalarni mavsumga mos ravishda ovqatlantirish, ular sog‘lom va barkamol o‘sishini ta’minlash maqsadida davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun yagona mavsumiy taomnomalar ishlab chiqish va mazkur taomnoma bo‘yicha bir bola uchun sarflanadigan bir yillik mablag‘ miqdorini hisoblash topshirig‘i berildi.

Senat Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasiga ishchi guruh yig‘ilishini tashkil etish va uni o‘tkazish hamda mazkur ishchi guruh Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan birgalikda 10 kun muddatda umumlashtirilgan tahliliy ma’lumotlarni Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Senatga kiritish zarurligi belgilandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid