Iqtisodiyot | 09:38 / 21.09.2022
43174
3 daqiqa o‘qiladi

Hududlar iqtisodiy o‘sishi ko‘rsatkichlari ma’lum qilindi

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari O‘zbekistonda transformatsiya jarayonlari mohiyati va mamlakat rivojlanishi hududiy xususiyatlarini aniqlash maqsadida hududlar iqtisodiy o‘sishi omili tahlilini amalga oshirdi.

Foto: Shutterstock

Tadqiqotda dastlabki ma’lumotlar sifatida mehnat unumdorligi, iqtisodiyot asosiy tarmoqlarida bandlar, aholi, jumladan, mehnatga layoqatli aholi soni kabi ko‘rsatkichlar tanlab olindi. Baholash Qoraqalpog‘iston, 12 ta viloyat va Toshkent shahri bo‘yicha 2018-2021 yillar uchun amalga oshirildi.

Natijalarga ko‘ra, Toshkent, Namangan, Sirdaryo, Navoiy, Jizzax, Xorazm, Farg‘ona viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda iqtisodiy o‘sish mamlakat hududlari bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori qiymatlarni qayd etgan. Qolgan 6 hudud mo‘’tadil rivojlanish darajalari bilan ajralib turadi.

Iqtisodiyoti asosiy tarmog‘i qishloq xo‘jaligi bo‘lgan Namangan, Jizzax, Xorazm, Farg‘ona viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda iqtisodiy o‘sish bilan bir qatorda mehnat unumdorligi hamda aholi bandlik darajasi ortishi kuzatilgan. Bu hududlarda iqtisodiyotni rivojlantirish yangi ishlab chiqarish quvvatlarini (yoqilg‘i-energetika, elektrotexnika, farmatsevtika sanoati, xizmat ko‘rsatish, qurilish) joriy etish va samarali ish o‘rinlarini yaratish orqali amalga oshirilganidan dalolat beradi.

Toshkent va Navoiy viloyatlari kabi yuqori salohiyatli hududlarda iqtisodiy o‘sish asosan hududlar raqobatbardosh ustunliklarini (metallurgiya, yoqilg‘i-energetika kompleksi) shakllantiruvchi mavjud bazaviy ishlab chiqarishlar rivojlanishi hisobiga ro‘y bergan. Ushbu hududlar yuqori samarali faoliyat turlari - xizmat ko‘rsatish va sanoat sohalariga ixtisoslashgani bilan ajralib turadi.

Iqtisodiy o‘sish nisbatan past darajalari aholi zich joylashgan Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida kuzatilgan. Ushbu holat 2019-2021 yillarda butun dunyoda sodir bo‘lgan beqaror vaziyat sababli ishlab chiqarish biroz pasayishi (masalan, avtomobilsozlik va neft-kimyo sanoati, qurilish) oqibatida yuzaga kelgan.

PMTI ekspertlari tomonidan hududlar mutanosib iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga xizmat qiluvchi yuqori samarali tarmoqlar aniqlandi:

  • xizmat ko‘rsatish sohasida - Qoraqalpog‘iston, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand viloyati va Toshkent shahri;
  • qurilish sohasida - Toshkent shahri, Namangan viloyati;
  • sanoat sohasida - Andijon, Qashqadaryo, Navoiy, Toshkent viloyatlari;
  • qishloq xo‘jaligi sohasida - Buxoro, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Farg‘ona, Xorazm viloyatlari.

Mavzuga oid