Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shols BMTda Putinni «ochiq imperializmda» aybladi
Rossiya urushni faqat Ukrainani egallab olish maqsadida boshladi, dedi Germaniya kansleri Olaf Shols Nyu-Yorkda so‘zlagan nutqida. U dunyoni multilateralizmga, BMTni esa islohotlarga chaqirdi.
Germaniya kansleri Olaf Shols 20 sentabr, seshanba kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasida so‘zlagan nutqida Rossiya prezidenti Vladimir Putinni imperialistik intilishlarda aybladi.
Sholsning so‘zlariga ko‘ra, «Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushi hech qanday tarzda oqlanmaydi. Prezident Putin buni «o‘z taqdirini o‘zi belgilash va siyosiy mustaqillik» kabi qadriyatlardan qat’i nazar, faqat Ukrainani egallab olish maqsadida olib bormoqda». «Buning uchun faqat bitta so‘z bor: ochiq imperializm», dedi kansler.
Sholsning ta’kidlashicha, BMTga a’zo davlatlar «kuchli qurollangan yadroviy kuch - qo‘shimcha ravishda Birlashgan millatlar tashkilotining asoschilaridan biri - zo‘ravonlik chegaralarini bosib o‘tishni xohlaganida qo‘l qovushtirib o‘tirmaydi». U xalqaro hamjamiyatni BMT nizomining maqsadlari va asosiy qoidalarini himoya qilishga chaqirdi.
Olaf Shols BMT Bosh assambleyasi ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, ularni Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushda g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi. Xalqaro hamjamiyat Rossiya buyurgan shartlar asosida tinchlik bitimini qabul qila olmaydi, deya ishonch bildiradi Germaniya kansleri. «Shuning uchun Ukraina Rossiya hujumini qaytarishga qodir bo‘lishi kerak. Biz bunda Ukrainani bor kuchimiz bilan qo‘llab-quvvatlaymiz: moliyaviy, iqtisodiy, gumanitar, shuningdek, qurol-yarog‘ bilan», - deb ishontirdi Germaniya vazirlar mahkamasi rahbari.
Bundan tashqari, Olaf Shols o‘z nutqida Buyuk Britaniya, Xitoy, AQSh va Fransiya bilan bir qatorda Rossiya ham doimiy a’zolaridan biri bo‘lgan BMT Xavfsizlik kengashini isloh qilishga chaqirdi.
Kanslerning so‘zlariga ko‘ra, qoidalar va institutlar «XXI asr voqeliklariga» muvofiqlashtirilishi kerak va BMT islohotidan so‘ng, boshqa mamlakatlarga, «birinchi navbatda, global janub davlatlari»ga ham Xavfsizlik kengashida ishtirok etishga ruxsat berilishi kerak. «Germaniya ham mas’uliyatning ortib borayotgan ulushini o‘z zimmasiga olishga tayyor - avvaliga doimiy bo‘lmagan, keyinroq BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zosi sifatida», deya xulosa qildi kansler.
Bundan tashqari, Shols multilateralizmni - ko‘plab yangi inqirozlar tahdidiga uchragan dunyodagi biznes va savdo munosabatlarining ko‘p qutbli tizimini qo‘llab-quvvatladi. Nemis rahbarining fikricha, «millatchilik va izolyatsionizm davr chaqiriqlariga javob berishga qodir emas».
«Ko‘proq hamkorlik, ko‘proq sheriklik, ko‘proq ishtirok etish - bu iqlim o‘zgarishiga yoki global sog‘liq uchun xavflarga, inflatsiya va ta’minot zanjirlarining uzilishiga qarshi kurash bo‘ladimi yoki qochqinlar va migratsiya muammosiga munosabatda bo‘ladimi, yagona oqilona javobdir», dedi Olaf Shols Nyu-Yorkda.
Avvalroq Bosh assambleya doirasidagi global oziq-ovqat xavfsizligi sammitida nutq so‘zlagan Olaf Shols «Rossiyaning agressiv urushi ko‘p qirrali global inqirozni keltirib chiqargani va kuchaytirgani», bu ochlik va to‘yib ovqatlanmaslik tahdidini yuzaga keltirganini ta’kidlagandi.
«Keyingi yil energiya tashuvchilar va o‘g‘it narxining ko‘tarilishi hisobga olinsa, bundan ham yomon bo‘lishi mumkin», deb ogohlantirdi kansler va «hayotlarni saqlab qolish uchun» choralar ko‘rishga chaqirdi.
Mavzuga oid
10:02 / 13.06.2026
Ukraina armiyasida keng ko‘lamli islohotlar boshlandi
14:20 / 11.06.2026
Rossiyadan ketgan fuqarolarning mol-mulki xatlanishi mumkin
09:15 / 09.06.2026
Putin va Netanyahuga order bergan prokuror vaqtincha ishdan olindi
20:34 / 08.06.2026