O‘zbekiston | 12:22 / 28.09.2022
1860
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Qozog‘iston dorilarni ro‘yxatdan o‘tkazishni soddalashtiradi

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev hamda Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari – savdo va integratsiya vaziri Serik Jumangarin boshchiligidagi ikki mamlakat delegatsiyalari o‘rtasida kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Suhbat davomida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi (XSKM) tashqi va ichki infratuzilmasini tashkil etish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini, XSKM faoliyatini tartibga soluvchi tegishli hukumatlararo bitimni qisqa muddatda ishlab chiqishga kelishildi.

Tomonlar avtomobilsozlik, fosfor va kompleks mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish, elektrotexnika sanoatida ikki davlat hududlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

Farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi sohasida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar dori-darmonlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni soddalashtirishga va forvard shartnomalari asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va yetkazib berish bo‘yicha birgalikda ish olib borishga kelishib oldi.

Temiryo‘l va avtomobil yo‘llari diversifikatsiyasi va ikki mamlakat o‘rtasidagi parvozlar soni ko‘payishini nazarda tutib, transport va logistika sohasida ham hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari tahlil qilindi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiya navbatdagi 20-yig‘ilishini hamda uning doirasida Toshkent shahrida 4-qo‘shma hududlararo forumni tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid