O‘zbekiston | 13:42 / 29.09.2022
4916
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Yevropa ittifoqiga sarimsoq eksportidan katta foyda olishi mumkin

Foto: ogorodmechty.com

Fresh Plaza yangi oziq-ovqat sanoati uchun global savdo media platformasida “O‘zbekiston Yevropa ittifoqiga sarimsoq piyoz eksportini oshirishi mumkin” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

Unda yozilishicha, 2022/23 yilgi mavsumda O‘zbekiston YeI mamlakatlariga sarimsoq eksportidan katta foyda ko‘rishi mumkin. “Gap shundaki, Yevropa ittifoqida sarimsoq narxi eksportdagi kechikishlar va Xitoydan sarimsoq yetkazib berish uchun logistika xarajatlari ko‘payishi tufayli tobora oshib bormoqda,- deb yozadi Fresh Plaza. - Shu bois, importchilar YeI bozorida Xitoy sarimsog‘ini qisman O‘zbekiston sarimsog‘iga almashtirish imkoniyatidan manfaatdordir”.

Maqolada qayd etilganidek, O‘zbekiston yiliga 3 ming tonnaga yaqin sarimsoqni asosan Rossiya va Qozog‘istonga eksport qiladi. “2018 yilda rekord darajadagi eksport hajmi qayd etildi, o‘shanda 5 ming tonnadan ortiq yangi mahsulot eksport qilingan”, deyiladi ma’lumotda. 

Maqola so‘nggida O‘zbekiston YeI mamlakatlariga yangi sarimsoq eksporti bo‘yicha ma’lum tajribaga ega ekani va ushbu mahsulot AQShga yetkazib berilayotgani ham ta’kidlangan. “O‘zbek sarimsog‘ining YeI va AQShga eksporti asosan 2019 yilda amalga oshirildi. O‘zbekistondan sarimsoq sotib olgan YeI davlatlari orasida Latviya, Polsha va Chexiya bor. BAAga ham har yili ma’lum miqdorda O‘zbekistonda yetishtirilgan sarimsoq yetkazib berilmoqda”, - deb yozadi Fresh Plaza.

Mavzuga oid