08:43 / 02.10.2022
13384

Berlinda «O‘zbekistonlik» filmining 2-epizodi premerasi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasida «O‘zbekistonlik» xalqaro forumi va xorijda muvaffaqiyatga erishgan vatandoshlar haqida hikoya qiluvchi «O‘zbekistonlik» filmining ikkinchi epizodi premerasi bo‘lib o‘tdi.

Forum ikki yuz nafardan ortiq muvaffaqiyatga erishgan vatandoshlarimiz, shuningdek, Yevropa diplomatlari, biznesmenlar, kreativ industriya vakillari va yevropalik ekspertlarni birlashtirdi.

«O‘zbekistonlik» forumi Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan Yoshlar ishlari agentligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Orient Group kompaniyasi va Uzbekistan Airways milliy aviatashuvchisi ko‘magida tashkil etilgan. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – chet davlatlarida yashab, faoliyat olib borayotgan va turli sohalarda muvaffaqiyatga erishgan o‘zbekistonliklarni birlashtirish hamda ular bilan ona vatan o‘rtasida muloqot o‘rnatib, hamkorlik ko‘prigini yaratishdir. Shuningdek, mamlakatning intellektual hamda iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashda hamkorlikdagi loyihalar amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Forum ochilishida Bosh vazir o‘rinbosari, Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimovning videomurojaati namoyish etildi.

Forum doirasida «Aral Dream» xalqaro PR-dasturi taqdimoti o‘tkazildi. Uning yordamida tadbir mehmonlari o‘z mobil qurilmalarida yangi Araldream.com onlayn-habidan foydalanib, Orolbo‘yi muammolari hamda ularni hal etishning innovatsion yo‘llari haqida to‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lishdi.

Bundan tashqari, mehmonlarga Orolbo‘yi muammosiga bag‘ishlangan «Sho‘rxok» qisqa metrajli filmi premerasi hamda O‘zbekiston xalq artisti Jyenisbek Piyazov va Elektrooko guruhi ijrosidagi «Ertangi kun» videoklipi namoyish etildi.

Forumning yakunlovchi qismida «O‘zbekistonlik» filmining ikkinchi epizodi premerasi namoyish etildi. Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev g‘oya muallifi sifatida forum qatnashchilari qarshisida videomurojaat orqali so‘zga chiqdi.

Rejissyor Muxlisa Azizova tomonidan suratga olingan filmda Germaniyada yashovchi ikki nafar o‘zbekistonlik bosib o‘tgan murakkab yo‘l va ular erishgan yutuqlar haqida so‘z boradi. Ulardan biri – Dmitriy Bogdanov. U dastlab Toshkentda, keyin esa Berlinda o‘qishni tamomlagan. Xorij ta’lim muassasasida fazoviy texnologiyalar yo‘nalishini tanlagan va bu qaror uning hayotida hal qiluvchi bo‘lgan.

Bugungi kunda u Ilon Maskning «Space X» kompaniyasi uchun sun’iy yo‘ldoshlarni yetkazib beruvchi ExoLaunch kompaniyasi asoschisidir.

Navoiylik Mushtariy Sharifova esa O‘zbekistonda va xorijning University of Applied Sciences in Europe oliygohida biznes va menejment yo‘nalishida tahsil olgan. Mushtariy Tesla kompaniyasiga ishga kirgan ilk o‘zbekistonlik qiz bo‘ldi.

«O‘zbekistonlik» filmini Uzbekistan’s Club Youtube-kanalida tomosha qilish mumkin.

Mavzuga oid
Top