Jahon | 12:25 / 07.10.2022
12907
3 daqiqa o‘qiladi

«Vagner» chet elda jangchilarni faol ravishda qidirmoqda - OAV

Nashrning yozishicha, «vagnerchilar» Ukrainadagi yo‘qotishlar tufayli shunday yollash yo‘liga o‘tgan. OAVda yozilishicha, «o‘ldirishga tayyor» odamlar yuqori maosh bilan jalb etilyapti.

Foto: AFP

Ukrainadagi yo‘qotishlar tufayli Vagner xususiy harbiy kompaniyasi (XHK) Turkiya, Serbiya, Chexiya, Polsha, Vengriya, Germaniya, Moldova, Kanada va Lotin Amerikasida yollanma askarlarni topish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirdi. Bu haqda 6 oktyabr, payshanba kuni Londonda joylashgan Middle East Eye nashri vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib ma’lum qildi.

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, harbiylashtirilgan tuzilma «Rossiya armiyasining tartibsizligi» tufayli Ukrainada yo‘qotishlarga duchor bo‘lmoqda. Ishga yollash kampaniyasi Yevropada yashovchi rossiyalik oligarxlar va ularning mahalliy uyushgan jinoiy guruhlar bilan aloqada bo‘lgan vositachilari orqali amalga oshirilayotgani aytiladi. Middle East Eye nashriga ko‘ra, chet ellik yollanma askarlar yuqori maosh orqali jalb etilyapti, ularga oyiga 10 ming dollar taklif qilishyapti. Urushdan oldin oylik to‘lovlar 3000 dollardan 5000 dollargacha bo‘lgan, deb yozadi gazeta. Bir Middle East Eye manbasining ta’kidlashicha, Vagner XHKga «odatda katta harbiy tajribaga ega bo‘lgan odamlar yollanadi», ammo hozirda harbiylashtirilgan guruh «o‘ldirishga tayyor va pulga muhtoj bo‘lganlarni» jalb etishga harakat qilmoqda.

Bir kun avval AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild Vagner xususiy harbiy kompaniyasini Markaziy Afrika Respublikasi, Mali, Sudan va boshqa hududlarning tabiiy resurslaridan «Moskva urush mashinasi», jumladan, Ukrainaga tajovuzni moliyalashtirish uchun foydalanganlikda aybladi. Amerika urushni o‘rganish instituti (ISW) Vagner XHK Telegram-kanal yaratganiga e’tibor qaratdi. Tahlil markazi ma’lumotlariga ko‘ra, undan ishga qabul qilish vositasi sifatida ham foydalanish mumkin.

Sentabr oyida SOTA internet-nashri Vagner xususiy harbiy kompaniyasi Rossiya koloniyalaridagi mahbuslarni Ukrainaga jo‘natish uchun majburlab yollayotgani, frontda olti oy o‘tgach, ularga pul va amnistiya va’da qilingani haqida xabar bergan edi. Huquq faoli, «Rus sidyashchaya» jamg‘armasi asoschisi Olga Romanovaning DW nashriga bergan intervyusida aytishicha, bir qator hollarda mahbuslar biznesmen Yevgeniy Prigojin tomonidan shaxsan jalb qilinadi.

Vagner XHKning yollanma askarlari ko‘p yillar davomida Kreml tomonidagi turli qurolli mojarolarda yashirin ishtirok etganlikda gumon qilingan. Moskva har doim xususiy harbiylashtirilgan guruhlar bilan aloqalarini rad etib keladi. Shu bilan birga, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan yaqin aloqador hisoblangan rossiyalik tadbirkor Yevgeniy Prigojin sentabr oxirida Vagner XHK asoschisi ekanligini tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u 2014 yilning may oyida Donbass ayirmachilarini qo‘llab-quvvatlash uchun harbiylashtirilgan tuzilmani yaratgan.

Mavzuga oid