Tanzila Norboyeva: “Aholi bandligini ta’minlashda tizimli muammolar saqlanib qolmoqda”
Senat raisiga ko‘ra, Xorazm viloyatida hududiy investitsiya dasturi doirasida 19 ta loyihaga kredit mablag‘larining ajratilmaganligi sababli yuzlab ish o‘rinlari tashkil etilmasdan qolgan.
Oliy Majlis Senatining o‘ttiz uchinchi yalpi majlisida Tanzila Norboyeva Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish natijalari to‘g‘risida fikr bildirdi.
“Bandlik masalasini amaliy hal etishda muhim bo‘lgan mehnat yarmarkalarini o‘tkazish, ularning samaradorligini oshirish, band qilingan aholiga to‘lanadigan ish haqi munosib mehnat standartlariga to‘liq javob berishi, bu borada xususiy korxonalar o‘rtasida sog‘lom raqobatni ta’minlashga qaratilgan qanday ishlar mas’ullar tomonidan yo‘lga qo‘yilgan? Kvotalangan ish o‘rinlari qanchani tashkil etadi? Va albatta, ishga joylashishga talabgor bo‘lgan fuqarolarimiz o‘rtasida, umuman olganda, hududdagi aholi o‘rtasida qanday targ‘ibot ishlari olib borilmoqda?Aholining hududdagi bandlik shart-sharoitlari borasida xabardorligi darajasi tegishlicha tashkil etilmoqdami? Mutasaddilar bu masalalar buyicha yechim berishi shart.
Gap mas’uliyat va talabchanlik haqida borar ekan, hududiy tuzilmalar ham o‘z ishini tanqidiy ko‘rib chiqishi kerak. Joylarda ishsiz aholi bilan bevosita ular ishlaydi. Hududning o‘ziga xos xususiyatlari, imkoniyatlari va salohiyatini, avvalo, quyi tashkilotlar baholashi kerak. Taklif, tashabbuslar ham pastdan chiqishi kerak, aslida.
Qoraqalpog‘istonda ko‘plab yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’yektlari o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Shu bilan birga qator tadbirkorlik sub’yektlari o‘z faoliyatini to‘xtatgan yoki tugatgan (yetti oyda qariyb 2 900 ta yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’yekti tashkil etilgan bo‘lsa, shu davrning o‘zida ularning 900 ga yaqini yoki qariyb har uchtadan bittasi (30 foizi) faoliyatini to‘xtatgan). Sabab nima? Buni o‘ylash, o‘rganish, tahlil qilish kerak.
Ko‘p bora muhokama qilishimizga qaramasdan ayrim tizimli muammolar hamon saqlanib qolmoqda.
Bitta misol: Xorazm viloyatida hududiy investitsiya dasturi doirasida 19 ta loyihaga kredit mablag‘larining ajratilmaganligi sababli yuzlab ish o‘rinlari tashkil etilmasdan qolgan.
Investitsiya va tashqi savdo vazirligi, Markaziy bank, tijorat banklari va viloyat hokimligi ushbu masalani chuqur o‘rganib, bir oy muddatda Senatga axborot kiritishi zarur”, — deya ta’kidlab o‘tgan Tanzila Norboyeva.
Senat raisining qo‘shimcha qilishicha, “Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘lgan sub’yektlar YaTT shaklida soliq organlari bazasida hisobga olinishi lozim. Biroq bu borada aniq, shaffof mexanizmlar yetishmaydi. Ma’lumotlar o‘zaro integratsiya qilinmagan. Hunarmandchilik yo‘nalishidagi ish o‘rinlarining aniq hisobi yo‘q. Soliqda boshqa raqam, Uyushmada boshqa raqam. Sohaga ajratilgan kredit va subsidiyalarni o‘zlashtirishda ham kamchiliklar bor.
Shuning uchun ayni paytda tarqoq holatda bo‘lgan ayrim elektron tizimlar, xususan “hunar”, “online-mahalla”, “oilakredit” platformalarini o‘zaro integratsiya qilish zarur.
Tanzila Norboyeva bandlik masalasida mahalliy kengashlarni mas’uliyatni oshirishga va faollikka chaqirdi:
“Qarorlarimizda alohida va aniq tavsiyalar ham yozyapmiz. Har oy yakuni bilan hududdagi ishlar holatini tanqidiy muhokama qilish, ishlar sust tashkil etilgan hududlar bo‘yicha mutasaddilarga chora ko‘rish kerakligini aytyapmiz. Shunga qaramay, Urganch, Hazorasp va Shovot tumanlarida yangi ish o‘rinlari yaratish masalasi mahalliy kengash sessiyalarida bir marta muhokama qilingan, xolos. Nima, bu tumanlarda ishsizlar qolmaganmi? Bunday holatni qolgan hududlar misolida ham ko‘rish mumkin”.
Mavzuga oid
16:12 / 22.11.2024
Tanzila Norboyeva Rossiyada MDH davlatlari Parlamentlararo Assambleyasida ishtirok etdi
13:56 / 19.11.2024
Tanzila Norboyeva Senat raisi lavozimiga qayta saylandi
13:10 / 17.11.2024
O‘zbekiston parlamenti a’zolari Bokuda o‘tayotgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyada ishtirok etdi
22:55 / 16.11.2024