Jahon | 23:34 / 12.10.2022
10596
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Rossiya alyuminiysini butunlay taqiqlash masalasini ko‘rib chiqmoqda

Prezident Jo Bayden ma’muriyati sanksiyalarni kuchaytirish maqsadida Rossiyadan alyuminiy sotib olishni to‘liq taqiqlash masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Foto: Reuters

Shu vaqtgacha alyuminiy avtomobilsozlik, samolyotsozlik, qurilish va yuqori texnologiyalar sohasida muhim element bo‘lgani sababli turli sanksiyalardan himoyalangan edi.

Bloomberg xabariga ko‘ra, Oq uy Ukrainadagi urush eskalatsiyasi tufayli Rossiyaga qarshi yangi choralarni o‘rganmoqda, jumladan, Rossiyadan alyuminiy importini to‘liq taqiqlash, bojlarni import uchun foydasiz darajaga ko‘tarish yoki «Rusal» kompaniyasiga qarshi sanksiyalar qo‘llash.

Avvalroq, AQSh Kongressining bir qator a’zolari mamlakatning Rossiya va boshqa mamlakatlardan alyuminiy xarid qilishga bog‘lanib qolganidan xavotir bildirgan edi. Kongressmenlar bu borada mudofaa vazirining sanoat siyosati bo‘yicha yordamchisi vazifasini bajaruvchi Debora Rozenblyumga murojaat qilib, sof alyuminiy ishlab chiqarish imkoniyatlari bilan qiziqishdi. Shuningdek, «Qo‘shma Shtatlarning alyuminiy yetkazib beruvchi mamlakatlar, jumladan Rossiyaga qaramligini yanada kuchaytirishi mumkin bo‘lgan so‘nggi voqealarga» e’tibor qaratishdi.

Rossiya alyuminiy ishlab chiqarish bo‘yicha Xitoydan keyin dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi. Ehtimoliy taqiq haqidagi xabar tarqalganidan so‘ng, dunyo birjalarida ushbu metallning narxi osha boshladi.

Mavzuga oid