Jahon | 19:53 / 12.10.2022
7940
2 daqiqa o‘qiladi

Meta kompaniyasi Rossiyada terrorchilar va ekstremistlar reyestriga kiritildi

Endi Mark Tsukerberg korporatsiyasi «Al-Qoida» va «Tolibon» bilan bir ro‘yxatda.

Foto: AP

«Rosfinmonitoring» 11 oktabr kuni Amerikaning Meta Platforms Inc. korporatsiyasini terrorchilar va ekstremistlar reyestriga kiritdi. Ushbu ro‘yxatda «Al-Qoida» va «Tolibon» harakatlari ham bor.

Qoidaga ko‘ra, bu reyestrga kiritilgan kompaniyalarning bank hisobraqamlariga taqiq qo‘yiladi. Bu qoida Meta korporatsiyasiga nisbatan amal qilishi yoki yo‘qligi hozircha noma’lum.

Shu yilning mart oyida Rossiya bosh prokuraturasi Meta kompaniyasi faoliyatini «Rossiya va uning Qurolli Kuchlariga qarshi qaratilgan»likda ayblagan edi. Shundan so‘ng, ushbu tashkilot sud tomonidan ekstremistik deb topildi.

Rossiya rasmiylari fikriga ko‘ra, Meta kompaniyasi Ukraina hududidagi qurolli mojaro sharoitida Rossiya harbiylariga, shuningdek, Rossiya prezidenti va Belarus prezidentiga nisbatan «nafrat tili»dan foydalanishga vaqtincha ruxsat bergan. Aynan shu sabab tashkilot ekstremistlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Meta kompaniyasi bu ayblovga javoban, rusofobiyaga qarshi ekanini aytdi. Shuningdek, gap faqat rossiyalik harbiy xizmatchilar va amaldorlar haqidagi hissiyotli bayonotlar haqida ketayotganiga aniqlik kiritdi.

Eslatib o‘tamiz, Meta kompaniyasi Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlariga, WhatsApp mobil ilovasiga egalik qiladi. Facebook va Instagram Rossiya hududida bloklangan. Ammo rossiyaliklarning ushbu tarmoqlardan va ilovadan foydalanishiga taqiq qo‘yilmagan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid