Jahon | 12:12 / 15.10.2022
12143
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya yana Xalqaro valuta jamg‘armasining Ukraina bo‘yicha hujjatini blokladi

Kommyunike loyihasida Ukrainadagi urush iqtisodiyot va xavfsizlikka putur yetkazuvchi asosiy omil ekanligi qayd etilgan. Shunga qaramay, Rossiya bu pozitsiyaga rozi bo‘lmadi va hujjatni blokladi.

Foto: Getty Images

Rossiya Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ)ning Ukrainadagi urushni to‘xtatishga chaqiruvchi sessiyasi yakunlari bo‘yicha qo‘shma kommyunike chiqarilishiga yana to‘sqinlik qildi. Bu haqda Ispaniya iqtisodiyot vaziri Nadiya Kalvino 14 oktyabr, juma kuni XVJ sessiyasi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida xabar berdi.

«Butun hafta davomida Rossiyadan Ukrainaga qarshi urushni to‘xtatish qat’iy talab qilindi. Bu urush iqtisodiy o‘sishni sekinlashtiradigan, inflatsiya, beqarorlik va noaniqlikni keltirib chiqaradigan, energiya va oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid soladigan eng muhim omil», - dedi Kalvino. 

XVJ rahbari Kristalina Georgiyeva ham jahon iqtisodiyoti ahvolini yaxshilashning eng oson yo‘li - urushni to‘xtatish, degan fikrni bildirdi. Shu bilan birga, Rossiya vakillari bunday dalillarga qo‘shilmadi va bu XVJ boshqaruv qo‘mitasini ko‘plab iqtisodiy masalalar bo‘yicha yakdillikni aks ettiruvchi kommyunike o‘rniga rais bayonotini chiqarishga majbur qildi. 

Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi qoralanishiga qarshi bo‘lib, shu yilning aprel oyida ham jamg‘armaning avvalgi sessiyasidan so‘ng XVJ kommyunikesi chiqarilishiga to‘sqinlik qilgandi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid