Jahon | 07:25 / 18.10.2022
10673
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Eronning o‘nlab dronlari yo‘q qilinganini ma’lum qildi

12 soat ichida, 16 oktyabr kuni soat 21:00 dan boshlab 37 ta Eronning «Shahed» uchuvchisiz uchish apparatlari va bir nechta qanotli raketalar yo‘q qilindi. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy kechki videomurojaatida ma’lum qildi. 

Foto: skynews

Ammo «osmonni himoya qilishni kafolatlash uchun» ancha zamonaviy havo hujumidan mudofaa tizimlari kerak va ular bunday tizimlar uchun raketalar bilan to‘liq ta’minlanishi lozim, dedi Ukraina rahbari. 

Shu bilan birga, davlat rahbari 17 oktyabr kuni Rossiyaning raketa va uchuvchisiz uchoqlar bilan o‘qqa tutgani elektr ta’minotida yangi uzilishlarga olib kelgani, ular oqibatlari bartaraf etilayotganini ma’lum qildi.

Kiyevda 17 oktyabr oqshomida to‘rtinchi bor havo hujumi haqida trevoga e’lon qilindi. Havo hujumidan mudofaa tizimlari (HHM) Rossiya qurolli kuchlarining uchuvchisiz uchish apparatlarini (UUA) tutish uchun ishlatildi. 

Kiyev oblastining Brovari shahrida havo hujumidan mudofaa tizimi ishladi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum qiluvchi UUA urib tushirilgan. 

17 oktyabr kuni ertalab Kiyevga uchuvchisiz uchoqlarning hujumi natijasida to‘rt kishi halok bo‘ldi. Kechqurun Odessa va Nikolayev oblastlarida ham havo trevogasi e’lon qilindi. Odessa yaqinida portlash ovozi eshitildi.

Bundan oldin Kiyevga dron-kamikadzelar yordamida hujum amalga oshirilgani xabar qilingandi. 

Rossiya kuchlari Kiyevga dron-kamikadzelar bilan hujum qildi, deb xabar berdi Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak. 

«Ruslar bu ularga yordam beradi deb o‘ylayapti, ammo bunday harakatlar o‘lim talvasasiga o‘xshaydi. Bizga havo hujumidan mudofaa tizimlari ko‘proq va imkon qadar tezroq kerak. Sekin harakatlarga vaqtimiz yo‘q», - deb yozdi u Telegram’da. 

Shahar meri Vitaliy Klichko ham Kiyevga dron-kamikadzelar tomonidan hujum qilingani to‘g‘risida ma’lumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, natijada Kiyevning Shevchenko tumanida noturar joy yonib ketgan va bir nechta turar joy binolari zarar ko‘rgan.

Mavzuga oid