Jahon | 18:58 / 19.10.2022
18805
2 daqiqa o‘qiladi

Yetti millioninchi qirg‘izistonlik ismini mamlakat prezidenti tanladi

19 oktabr kuni Qirg‘izistonda yetti millioninchi fuqaro tug‘ildi. Unga ismni mamlakat prezidenti tanladi.

Foto: Reuters

Spiker Nurlanbek Shakiyev parlament yig‘ilishida ma’lum qilishicha, Botken viloyatining Qizil-Qiya shahrida tug‘ilgan bola Qirg‘izistonning yetti millioninchi fuqarosi bo‘ldi. Unga Jakshilik (Yaxshilik) ismi qo‘yildi. Bu nom prezident Sadir Japarov tomonidan tanlangan.

«Bolaning onasi prezidentga murojaat qilib, unga ism qo‘yishni so‘radi. Prezident Sadir Japarov mamlakatda hammasi yaxshi bo‘lsin degan umidda bolaga shunday ism qo‘ydi», — dedi Nurlanbek Shakiyev.

Sog‘liqni saqlash vaziri Gulnora Botirova so‘zlariga ko‘ra, bola fermer Valijon Abdullayev oilasida dunyoga keldi. Uning onasi — Ayjarkin Sirajdinova, 1982 yilda tug‘ilgan. Bu uning to‘rtinchi farzandi. Bolaning vazni — 3,9 kg, bo‘yi 54 sm.

Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bolaning nomiga 1 million som (taxminan 12 ming dollar) o‘tkazib beriladi. Bu pullardan voyaga yetganidan so‘ng foydalana oladi.

Qirg‘izistonning olti millioninchi fuqarosi Aylin Kojosheva 2015 yil 25 noyabrda O‘sh shahrida, besh millioninchi fuqarosi Tinchtiqbek Quramayev 2002 yil 27 avgustda Bishkekda, to‘rt millioninchi fuqarosi Qanikey Qayipova 1985 yil 27 mayda O‘sh viloyatining Qora-Suv tumanida tug‘ilgan edi.

Qirg‘izistonning yetti millioninchi va olti millioninchi fuqarosi o‘rtasidagi farq yetti yilni tashkil qildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid