Jahon | 08:48 / 20.10.2022
8109
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp saylovlardagi ehtimoliy soxtalashtirishlar haqida yolg‘on ma’lumot bergan

Donald Tramp hujjatdagi noto‘g‘ri ma’lumotlardan xabardor bo‘lgan holda, 2020 yilda saylovlardagi soxtalashtirishlar bo‘yicha sudga da’vo bilan murojaat qilgan, deya qayd etdi Kaliforniyadagi sud va sobiq prezidentning advokati Istmen bilan yozishmalarini ommaga oshkor qilishni talab qildi.

Foto: The New York Times

AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp 2020 yilda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida ehtimoliy soxtalashtirishlar haqidagi ma’lumotlarni ataylab buzib ko‘rsatgan. Bu haqda Kaliforniya okrug sudi sudyasi Devid Karterning 19 oktyabr, chorshanba kuni chiqarilgan qarorida aytiladi. Sud Oq uy sobiq rahbarining advokati Jon Istmendan Tramp bilan elektron pochta orqali yozishmalarini 28 oktyabrgacha AQSh Kongressi Vakillar palatasining Kapitoliyga bostirib kirishni tergov qilayotgan komissiyasiga taqdim etishini talab qilmoqda.

2020 yil noyabr oyida demokrat Jozef Bayden g‘alaba qozongan prezidentlik saylovlaridan so‘ng Tramp va uning sheriklari ovoz berishda ommaviy huquqbuzarliklar sodir etilgani bo‘yicha o‘nlab da’vo arizalari bilan murojaat qilishdi. Jumladan, Kaliforniya sudyasi keltirgan Jorjiya shtatida taqdim etilgan da’voda Oq uy rahbarining advokatlari okruglardan birida 10 315 ta o‘lik ovozlar hisoblanganligini ta’kidlagan.

Keyinroq Istmen elektron pochta orqali Trampga unga taqdim etilgan ba’zi ma’lumotlar noto‘g‘ri ekanligi haqida xabar berilganini yozgan. Biroq, prezident va uning advokatlari xuddi shunday noto‘g‘ri raqamlar bilan sudga murojaat qilishgan va Tramp o‘zi bilgan barcha ma’lumotlar to‘g‘ri ekanligiga qasam ichgan, deyiladi sudya Karter buyrug‘ida. «Elektron pochta xabarlari shuni ko‘rsatadiki, prezident Tramp saylovlardagi soxtalashtirishlar haqidagi aniq ma’lumotlar noto‘g‘ri ekanligini bilgan, lekin ularni sud hujjatlarida ham, jamoatchilikka ham tarqatishda davom etgan», - dedi Kaliforniya sudi.

Donald Trampning 2021 yil 6 yanvarda Vashingtondagi mitingdagi nutqidan so‘ng uning radikal tarafdorlari Kapitoliyga bostirib kirishdi, u yerda Senat va Vakillar palatasi qo‘shma yig‘ilishi ishtirokchilari ovoz berish natijalarini ma’qullayotgan bo‘lgan. Namoyishchilar binoga bostirib kirishga muvaffaq bo‘ldi, Kongressdagi munozaralar bir necha soatga to‘xtatildi, qonun chiqaruvchilar evakuatsiya qilindi.

Tartibsizliklar ishtirokchilari politsiya bilan to‘qnashgan, politsiya esa ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz bilan javob bergan. Milliy gvardiya Vashingtonga yetib keldi. To‘qnashuvda besh kishi, jumladan bir politsiyachi halok bo‘lgan. Hukumat bir necha soatdan keyin yana Kongress binosini nazoratga oldi. Keyingi haftalarda yana ikki politsiyachi o‘z joniga qasd qildi. Tartibsizliklardan keyin 50 ga yaqin odam hibsga olingan, ularning bir nechasiga ayblov e’lon qilingan.

Kapitoliyga bostirib kirishdan keyin Vakillar palatasi qo‘mitasi Trampning voqealardagi rolini aniqlash uchun 140 mingdan ortiq hujjatlarni o‘rganib chiqdi va 1000 dan ortiq guvohlar bilan suhbatlashdi. Oq uyning sobiq rahbari o‘z aybini tan olmadi va 2024 yilda yana prezidentlikka nomzodini qo‘yishi mumkinligini istisno qilmayapti.

Mavzuga oid