Jahon | 16:59 / 20.10.2022
10840
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa ittifoqi Eronga qarshi sanksiyalar kiritdi

Yevropa ittifoqi a’zolari Rossiyaga uchuvchisiz uchar apparatlari yetkazib berilishi munosabati bilan Eronga qarshi yangi sanksiyalar bo‘yicha kelishib oldi, deb xabar qildi Chexiyaning Yevropa ittifoqidagi raisligi. 

Foto: Reuters

«Yevropa ittifoqi elchilari Ukrainaga zarbalar bergan Eron dronlarini yetkazib beruvchi tashkilotlarga nisbatan chora-tadbirlar to‘g‘risida kelishib oldilar», — deyiladi Twitter’dagi xabarda

Qayd etilishicha, «Yevropa ittifoqi davlatlari uch nafar jismoniy shaxs va uchuvchisiz uchoqlar yetkazib berish uchun mas’ul bo‘lgan bir tashkilotning aktivlarini muzlatishga qaror qilgan, shuningdek, avvalgi sanksiyalar ro‘yxatida bo‘lgan yana to‘rtta Eron tashkilotiga nisbatan sanksiyalarni kengaytirishga tayyor».

Bundan oldin Ukrainalik harbiylar «Dronlar armiyasi» va United24 uchun mablag‘ yig‘ish tashabbuslari doirasida xarid qilingan yana 179 ta uchuvchisiz uchoqni frontga jo‘natgandi. 

Ukraina Raqamli transformatsiya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 146 ta Mavic 3 dronlari va 33 ta Matrice RTK 300 qurilmalari butun front chizig‘i bo‘ylab joylashtiriladi.

Qayd etilishicha, ushbu uchuvchisiz uchoqlar Xerson, Donetsk, Xarkiv, Luhansk, Zaporijjya yo‘nalishlarida, shuningdek, mamlakat shimolidagi chegara hududlarida tarqatiladi.

Avvalroq Eron Rossiyaga yer-yer sinfidagi raketalar, shuningdek, uchuvchisiz uchish apparatlarining qo‘shimcha partiyasini yetkazib berishni va’da qilgani ma’lum bo‘lgandi. Bu haqda ikki nafar Eron rasmiysi va ikki nafar eronlik diplomatga iqtibos keltirgan holda Reuters agentligi xabar berdi.

Mavzuga oid