Jahon | 18:38 / 21.10.2022
17979
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston prezidenti saylovida 6 nomzod ishtirok etadi

Qozog‘istonda prezidentlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish jarayoni yakunlandi. Endi ular saylovoldi tashviqotini boshlashi mumkin.

Foto: Tengrinews.kz

«Bugun, 21 oktyabr, mahalliy vaqt bilan soat 18:00 da prezidentlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish jarayoni yakunlandi. Endi saylovoldi tashviqoti boshlanadi, u 28 kun davom yetadi», — dedi Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Konstantin Petrov.

Qozog‘iston prezidenti saylovida qatnashish uchun 12 kishi hujjat topshirgan edi. Ulardan faqat olti nafari nomzod sifatida ro‘yxatga olingan.

Nomzodlarning 2 nafari ayol, 4 nafari erkak, 1 nafari davlat xizmatchisi, 1 nafari tijorat tuzilmasi vakili, 4 nafari nodavlat sektor vakili, 1 nafari siyosiy partiya vakili.

Prezidentlikka ro‘yxatga olingan nomzodlar:

  1. Qosim-Jo‘mart To‘qayev – Ijtimoiy-siyosiy kuchlar xalq koalitsiyasidan;
  2. Karakat Abden – Professional ijtimoiy ishchilar milliy alyansi Respublika jamoat birlashmasidan;
  3. Jiguli Dayraboyev – «Ovul» Xalq demokratik vatanparvarlik partiyasidan;
  4. Meyram Kajiken – «Amanat» kasaba uyushmalari respublika jamiyatidan;
  5. Saltanat Tursinbekova – «Qozoq analari – dasturge jol» respublika jamoat birlashmasidan;
  6. Nurlan Auyesbayev – muxolifatdagi Milliy sotsial-demokratik partiyadan.

Qozog‘istonda navbatdan tashqari prezident saylovi 20 noyabr kuni o‘tkaziladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid