Jahon | 08:45 / 22.10.2022
10798
2 daqiqa o‘qiladi

FATF Rossiyaga o‘z loyihalari va majlislarida qatnashishni taqiqladi

Jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro ishchi guruhi (FATF) Ukrainaga qarshi tajovuz tufayli Rossiyaga joriy va kelajakdagi loyihalarida, shuningdek, mintaqaviy organlari yig‘ilishlarida ishtirok etishni taqiqladi.

Foto: FATF

Pul yuvishga qarshi xalqaro ishchi guruhi (FATF) 20-21 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tgan yalpi majlisidan so‘ng Rossiyaga o‘zining joriy va kelajakdagi loyihalarida ishtirok etishni taqiqladi. Bundan tashqari, Rossiya endi FATF mintaqaviy organlari yig‘ilishlarida tashkilot a’zosi sifatida ishtirok eta olmaydi.

FATF Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi oqibatida keraksiz qurbonlar, iztiroblar va halokat ro‘y berayotgani uchun yana bir bor chuqur hamdardlik bildirdi. Shuningdek, Rossiyaning harakatlari «moliya tizimi xavfsizligi, ishonchliligi va yaxlitligini mustahkamlashga qaratilgan FATF'ning asosiy tamoyillarini buzishda davom etayotgani» ta’kidlangan. Shuni hisobga olgan holda tashkilot qo‘shimcha cheklovlar joriy etishga qaror qildi.

FATF vaziyatning rivojlanishini kuzatib boradi va har bir yangi yalpi majlisida Rossiyaga nisbatan cheklovlarni bekor qilish yoki uzaytirish masalasini ko‘rib chiqmoqchi. Tashkilot, shuningdek, barcha yurisdiksiyalarni Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni chetlab o‘tishga urinishlar xavfli ekani haqida xabardor qilmoqchi.

Iyun oyida Moskvaga FATF'da rahbarlik va maslahat funksiyalarini bajarish taqiqlangan edi. Ayni paytda, Ukraina urush boshlanganidan beri Rossiyani tashkilotdan chiqarishga intilmoqda. Zelenskiy idorasi rahbari Andrey Yermak va AQShning Rossiyadagi sobiq elchisi Maykl Makfol boshchiligidagi Rossiyaga qarshi sanksiyalar bo‘yicha xalqaro ekspertlar guruhi bu Moskvaga sanksiyalarni chetlab o‘tish vositalarini topishni qiyinlashtiradi va kapitalning mamlakatdan chiqib ketishini tezlashtiradi, deb hisoblaydi.

Shu bilan birga, Rosfinmonitoring FATF'ni Rossiyani chetlatish «jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish global tarmog‘ida nomutanosiblik xavfini keltirib chiqarishi» haqida ogohlantirdi.

FATF 1989 yildan beri mavjud. Rossiya 2003 yil iyunidan beri tashkilotning doimiy a’zosi hisoblanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid