Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Germaniyaga ishonish mumkin!» - Shtaynmayyer Ukrainaga ko‘proq qurol va’da qildi
Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer urush boshidan buyon ilk bor Ukrainaga tashrif buyurdi. Prezident Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuvda Shtaynmayyer yaqin vaqtlar ichida Ukraina qurolli kuchlari uchun nemislar tomonidan ishlab chiqarilgan havo hujumidan mudofaa tizimlarining qo‘shimcha partiyasi yetkazib berilishini va’da qildi.
Shtaynmayyer uchrashuv yakunlari bo‘yicha qo‘shma matbuot anjumanida qo‘shimcha Mars II baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari hamda to‘rtta o‘ziyurar gaubitsa ham «yaqin vaqt ichida Ukrainaga berilishi»ni ma’lum qilgan.
Shtaynmayyer va Zelenskiy Ukrainaga «qishdan omon qolish» va mamlakatni qayta tiklashga yordam berish uchun Ukraina-Germaniya hamkor shaharlar tarmog‘ini yaratishga chaqirdi.
Prezidentlar ikki mamlakatning munitsipalitet darajasidagi hamkorlik dasturi yo‘lga qo‘yilganini e’lon qilishgan. Unga ko‘ra, nemis munitsipalitetlari Ukrainaning birodar shaharlarini tiklashda yanada ko‘proq va faolroq ishtirok eta boshlaydi - hozirda ham federal darajada yordam ko‘rsatib kelinmoqda.
Zelenskiy va Shtaynmayyerning qo‘shma bayonotida aytilishicha, taklif etilayotgan hamkorlik shakli «umumiy Yevropani qurish va mustahkamlashga hal qiluvchi hissa qo‘shadi» va «Moskvaga aniq signal beradi: sizning urushingiz bizni ajratmaydi - bu bizni nemislar, ukrainaliklar va yevropaliklar sifatida yanada yaqinlashtiradi».
Zelenskiy Shtaynmayyer bilan urush tugaganidan keyin emas, balki hozir boshlanadigan Ukrainani qayta tiklash rejalarini «mufassal» muhokama qilganini aytdi.
Ayni vaqtda Ukraina va Germaniyada 107 juft birodar-shaharlar mavjud bo‘lib, ularning uchdan bir qismi urush boshlangach hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlar tuzishgan.
Boshqalarga o‘rnak bo‘lish uchun Shtaynmayyer Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuvi oldidan tashrif buyurgan Chernihiv oblastidagi rivojlanish va rekonstruksiya loyihalariga ramziy hamkorlikni zimmasiga oldi.
«Bunkerdagi» prezident
Zelenskiy bilan uchrashuv oldidan nemislar prezidentini mamlakat shimoliga olib borishdi - unga Chernihiv oblastida yaqinda Rossiya qo‘shinlaridan ozod etilgan shaharni ko‘rsatish uchun.
Germaniyaning ARD telekanali xabar berishicha, Shtaynmayyer vayrongarchiliklarga guvoh bo‘lib va mahalliy aholi vakillarinng hikoyalarini tinglab, qattiq larzaga tushgan. «Barchasi biz Germaniyada turib tasavvur qilganimizdan ko‘ra dahshatliroq», degan u safar yakunlariga ko‘ra.
Belarus bilan chegara yaqinidagi Koryukovkaga tashrif chog‘ida havo hujumidan ogohlantiruvchi sirenalar yangragan, shundan so‘ng Shtaynmayyer bir soatga yaqin vaqt davomida eng yaqin bombapanagohda qolishiga to‘g‘ri kelgan.
Bundan biroz avvalroq Shtaynmayyerning matbuot kotibi Kerstin Gammelin Germaniya prezidenti Kiyevga ikki tomonlama murojaat bilan yo‘l olayotganini aytgandi: «Mening Ukraina xalqiga murojaatim: Germaniyaga ishonish mumkin! Biz Ukrainani qo‘llashda davom etamiz: harbiy, siyosiy, moliyaviy va gumanitar jihatdan. Shu bilan bir vaqtda uydagi nemislarga murojaat qilmoqchiman: keling, bu yerdagi odamlar uchun urush nimani anglatishini unutmaylik! Urush tufayli qancha qiyinchiliklarni boshdan kechirayotganimizga qaramay biz Germaniyadamiz - keling endi bir lahzaga ukrainlar nigohi bilan qarab ko‘raylik».
Shtaynmayyer shuningdek gap vayron bo‘lgan infratuzilmalarni tez muddatda tiklash, elektr tarmoqlari, suv quvurlari, isitish tizimlarini ta’mirlash, joylarda elektr ta’minotidagi nosozliklarni bartaraf etish haqida ketayotganini qo‘shimcha qilgan.
Kiyevga uzoq cho‘zilgan yo‘l
Bu Shtaynmayyerning Ukrainaga urush boshlanganidan buyon ilk tashrifidir, u Kiyevga uchinchi urinishda kela oldi. Reuters agentligi qayd etishicha, avvaliga Germaniya prezidenti Kiyevga aprel oyida - Litva, Latviya va Polsha rahbarlari bilan birga kelishni rejalashtirgandi, ammo Berlin qat’iy pozitsiyada emasligi va ortiqcha ehtiyotkorlik qilayotgani tufayli Ukraina tomonidan bekor qilindi, Kiyevda ko‘pchilik Germaniya pozitsiyasini rossiyaparastlik deb baholagandi.
Germaniyaning Bild nashri yarim yil muqaddam Shtaynmayyerning tashrifini Volodimir Zelenskiy rad etgan, u Germaniya Ukrainaga qator qurollar yetkazib berishni paysalga solayotganini aytgan.
Bundan tashqari, Bild nashrining eslatishicha, Angela Merkel hukumatida tashqi ishlar vaziri lavozimida ekanida Shtaynmayyer Rossiya bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatish payida bo‘lgan - hatto Qrim Moskva tomonidan annexia qilinib, Donbassda urush olovi yoqilganidan keyin ham.
Yozda Kiyev va Berlin muzokaralari tiklandi va kuzga kelib Shtaynmayyer Zelenskiy bilan telefon muloqoti davomida munosabatlarni yaxshilab, kelish uchun taklifnoma oldi. Ammo 20 oktyabr kuniga mo‘ljallangan bu tashrif endi Germaniya tomonidan bekor qilindi - «xavfsizlik nuqtayi nazaridan».
Ma’lum bo‘lishicha, birdaniga uchta federal idora: Germaniya IIV, TIV va davlat xavfsizlik organlari tashrifni qoldirish bo‘yicha tavsiya bergan. Natijada u Kiyevga faqat bir hafta o‘tib kela oldi.
Reuters agentligi yozishicha, Shtaynmayyer Ukrainaga kelgach Rossiyaning «shafqatsiz bosqinchilik tajovuzi»ni keskin qoralagan va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuvni intiqlik bilan kutayotganini aytgan.
Seshanba kuni Ukrainadagi temiryo‘llar operatori hisoblangan «Ukrzaliznitsa» matbuot xizmati Shtaynmayyer kelgan poyezd kupesida olingan suratni namoyish etdi.
Ukraina IRIS-T ultra-zamonaviy tizimlar taqdim etilgani uchun minnatdorchilik sifatida Shtaynmayyerga iris guldastasini taqdim etgan. Ukraina bayrog‘i ranglaridagi qog‘ozga o‘ralgan gullar atrofida havo hujumiga qarshi IRIS-T zenit-raketa kompleksi tasvirlangan otkritkalar joylashtirilgan.
«Ertalabki diplomatik poyezdimiz kupesida irislar konsentratsiyasi bejiz emas: irislarga muhabbatimiz umumiy, nima ham derdik», deyiladi matbuot xizmati xabarida.
Oxirgi haftalarda Germaniya Ukrainaga mudofaa yordamini sezilarli darajada oshirdi. Oktyabr oyida Germaniya Ukrainaga IRIS-T SLM zenit-raketa komplekslarini taqdim etgandi. 14 oktyabr kuni Ukraina qurolli kuchlari aviatsiya kuchlari spikeri Yuriy Ignat allaqachon mamlakat janubida IRIS-T tizimlaridan foydalanish boshlanganini ma’lum qildi.
Bu tizimlar yetkazib berilgani uchun Germaniyaga prezident Volodimir Zelenskiy ham shaxsan minnatdorchilik bildirgandi.
«Hamkorlarimizga ham, bizga havo hujumidan va raketalar hujumidan mudofaa sohasida yordam berayotgan barchaga rahmat. Masalan, nemislarning IRIS-T tizimi o‘zini juda yaxshi tomondan namoyish etdi - bu chindan ham juda samarali tizim», degandi prezident 19 oktyabr kuni kechqurungi videomurojaatida.
Ukraina bosh vaziri Denis Shmihal Germaniyani Ukrainaga qurol yetkazib beruvchi eng yirik davlatlardan biri deb atadi va IRIS-T tizimlari juda samarali bo‘lib, 10 ta raketadan to‘qqiztasini urib tushirishini aytdi.
Kiyev armiya, konversiya va qurolsizlanish bo‘yicha tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Mixail Samus DW nashriga bergan izohida IRIS-T'ni «ehtimol, dunyodagi eng yaxshi raketaga qarshi tizim» deb atadi. Uning qo‘shimcha qilishicha, ilgari Ukrainaga yetkazib berilgan o‘nlab nemis Gepard zenit qurilmalari Rossiyaning Kiyev va Ukrainaning boshqa shaharlari hamda harbiy pozitsiyalariga hujum qilishda foydalanayotgan dronlari bilan samarali kurashish imkonini beradi. «Germaniya bizni raketaga qarshi qurollar bilan ta’minlagan birinchi davlat bo‘ldi», - dedi Samus. Mutaxassisning fikricha, Germaniya yordami Rossiyaga urush to‘lqinini o‘zgartirishga imkon bermayapti.
Xabarlarga ko‘ra, kelgusida Germaniya Ukrainaga yana uchta shunday kompleks yetkazib bermoqchi. Shu bilan birga, ular hali endi ishlab chiqariladi, shu tufayli bu mashinalar Ukraina qurolli kuchlari ixtiyoriga faqat keyingi yili yetib kelishi mumkin.
Mavzuga oid
15:51 / 17.06.2026
Rossiya ichkarisiga dron hujumlari bilan Ukraina nimaga erishyapti?
22:31 / 16.06.2026
Zelenskiy Rossiyaga «dahshatli qish» bilan tahdid qildi
22:16 / 16.06.2026
Vatikan va «yahudiylar lobbisi» Putinni aldadi - Lukashenko
19:49 / 16.06.2026