O‘zbekiston | 18:23 / 26.10.2022
11380
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda havo sifati tog‘ havosidek “yashil” darajaga chiqdi

17 oktyabrdagi changli ob-havoni bir necha kundan beri yog‘ib kelayotgan yomg‘ir yuvib ketdi. Shahar havosi dunyo shaharlari orasida havo sifati bo‘yicha 49-o‘ringa ko‘tarildi.

Foto: KUN.UZ

Air Quality Index (IQAir) – Havo sifati indeksi saytining ko‘rsatishicha, 26 oktyabr soat 14:00 holatiga poytaxt havosi sifati «yashil» darajaga chiqqan. Havo tarkibidagi barcha ifloslantiruvchi moddalar me’yoriy qiymatlardan ancha past holatda qolmoqda. Shahar havosi dunyo shaharlari orasida havo sifati bo‘yicha 49-o‘rinda turibdi.

“Toshkentda uzoq davom etgan yomg‘irdan so‘ng tog‘ havosi kabi musaffo muhit kuzatilmoqda. Shahar havosi xuddiki tog‘ havosi kabi toza muhitni taqdim etgan. Mazkur havoda tashqi muhitda sayr qilish, havodan to‘yib-to‘yib nafas olish kerak. Bu inson fiziologiyasi va qisman psixologiyasiga ham foydali”, – deb yozadi iqlimshunos Erkin Abdulahatov.

Eslatib o‘tamiz, 17 oktyabr kuni kechqurun Toshkent havosida mayda PM-2,5 dispers zarralarining konsentratsiyasi ruxsat etilgan me’yordan 42 barobarga ortib, 212 mkg/m³ga yetib, O‘zbekiston poytaxti bir muddat dunyo bo‘yicha havosi eng iflos shahar bo‘lib turgandi. Mutaxassislar changni boshqa mintaqalardan uchib kelmagan, mahalliy chang ekanini ma’lum qilishgandi.

Mavzuga oid