Jahon | 13:46 / 27.10.2022
9275
3 daqiqa o‘qiladi

BMT yuristi Rossiyaning dronlar bo‘yicha tekshiruv haqidagi da’volarini rad etdi

BMT bosh yuristi Migel de Serpa Suares Moskvaning BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning Ukrainaga Eron uchuvchisiz uchoqlarining Rossiyaga yetkazib berilishini tekshirish uchun BMT ekspertlarini yuborishga haqqi yo‘qligi haqidagi da’volarini rad etdi.

Foto: Getty Images

BMT bosh kotibining huquqiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Migel de Serpa Suares 26 oktyabr, chorshanba kuni Moskvaning tashkilot rahbari Antoniu Guterrish go‘yoki Ukrainaga BMT ekspertlarini Eron dronlarining Rossiya Federatsiyasiga yetkazib berilishini tekshirish uchun jo‘natish «mandati yo‘qligi» haqidagi da’volarini rad etdi. Mutaxassislar Rossiya armiyasi tomonidan Ukraina hududiga otilgan va havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilgan uchuvchisiz uchoqlarni tekshirishi rejalashtirilgan. 

Ushbu tergov Guterrishning Xavfsizlik Kengashiga Eron bo‘yicha hisobotini tayyorlash doirasida olib borilishi rejalashtirilgan. Bosh kotib bu hisobotni yiliga ikki marta – odatda iyun va dekabr oylarida – Xavfsizlik Kengashining 2015 yilda Eron yadroviy kelishuviga oid rezolyutsiyasiga muvofiq tayyorlaydi. Keyingi hisobotda Eronning Rossiyaga uchuvchisiz uchoqlar yetkazib berishiga oid taxminlarni kiritish rejalashtirilgan. Bu bunday turdagi birinchi holat emas: masalan, 2017 yilda BMT ekspertlari hisobot uchun Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan «Hizbulloh» harakati tomonidan Saudiya Arabistoni hududiga otilgan raketa parchalarini o‘rganib chiqdi.

«Xavfsizlik Kengashidan boshqa ko‘rsatmalar bo‘lmasa, bosh kotib ushbu hisobotlarni hozirgacha tayyorlagan tarzda tayyorlashda davom etadi», dedi de Serpa Suares. Xavfsizlik Kengashining g‘arb a’zolari Rossiyaning Guterrishga yangi ko‘rsatmalar berishga bo‘lgan har qanday urinishlariga to‘sqinlik qilishi mumkin.

BMT bosh yuristining so‘zlari Rossiyaning o‘sha kuni, 26 oktyabrda taqdim etilgan so‘rovidan so‘ng yangradi. Rossiyaning butunjahon tashkilotidagi vakili Vasiliy Nebenzya AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiyani Guterrishga Eron uchuvchisiz uchoqlarini Rossiyaga yetkazib berish masalasini tekshirishga chaqiruvchi xatlar yo‘llab, BMT nizomini buzganlikda aybladi. Bu maktublar haqida 22 oktabr kuni ma’lum bo‘ldi.

«Kotibiyat faqat aloqa organi sifatida xizmat qiladi», - deb javob berdi Xavfsizlik Kengashi. «Bosh kotibning hisobotida shunday xatlar kelib tushganligi aks etishi mumkin», deyiladi ma’lumotda. 

Nebenzya, agar BMT Ukrainadagi dronlarni tekshirsa, Rossiya tashkilot bilan hamkorlikni «qayta ko‘rib chiqishi» mumkinligini aytdi. Eron Rossiyaga uchuvchisiz uchoqlar yetkazib berilishini rad etyapti, Kreml bu ma’lumotga to‘g‘ridan to‘g‘ri izoh bermayapti. Ayni paytda, Vashingtonning fikricha, Rossiya Qurolli kuchlari Ukraina hududiga uchuvchisiz uchoqlardan zarbalar berib, rossiyaliklarga texnik yordam ko‘rsatganida eronlik instruktorlar Qrimda bo‘lgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid