Jahon | 13:33 / 28.10.2022
3120
2 daqiqa o‘qiladi

AEXA Shimoliy Koreyaning yadroviy sinov o‘tkazish rejalari haqida ogohlantirdi

Agentlik Shimoliy Koreyaning 2017 yildan beri birinchi yadroviy sinovga tayyorgarlik ko‘rayotgani alomatlarini aniqladi.

Foto: Reuters

Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) Shimoliy Koreya tomonidan navbatdagi yadro sinovi o‘tkazilishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bu haqda AEXA direktori Rafael Grossiga tayanib, 28 oktyabr, juma kuni AFP xabar bermoqda.

Shimoliy Koreyaning yadroviy portlashni amalga oshirishga tayyorligi alomatlari kuchaymoqda, deya ogohlantirdi Grossi. «Umid qilamizki, bu sodir bo‘lmaydi, ammo, afsuski, alomatlar buning aksini ko‘rsatmoqda», — dedi u va AEXA sinovga tayyorgarlikni qayd etishini, lekin uning muqarrarligiga ishonmasligini qo‘shimcha qildi. 

Sinov, agar bu sodir bo‘lsa, Shimoliy Koreyaning yettinchi va 2017 yildan beri birinchi yadroviy portlashni amalga oshirishi bo‘lib, mamlakat yadroviy dasturi «to‘liq tezlikda rivojlanayotganini» tasdiqlaydi, deya qayd etgan AFP. 

Agentlikning ekspertlarga tayanib xabar berishicha, Shimoliy Koreya bu safar masofasi va portlash kuchi strategik yadro qurolidan ancha past bo‘lgan, ammo butun qit’a hududida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan taktik yadro qurolini sinovdan o‘tkazishi mumkin. 

Shimoliy Koreya so‘nggi oylarda yadroviy quvvatga ega raketalarni bir necha bor sinovdan o‘tkazdi va sentabr oyidan boshlab bunday sinovlar oshirilgan sur’atda o‘tkazilmoqda. Sentabr oyida Grossi Shimoliy Koreyaning Pungeri yadroviy poligoni ishlayotganligi va yadroviy sinovlarga tayyorligi haqida xabar bergan edi. Bundan tashqari, AEXA ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya Yonbyondagi yadroviy inshootlarda qurilish ishlarini davom ettirmoqda. U yerda 5 megavattlik reaktor ishlayotgani haqida ma’lumotlar bor. 

Sentabr oyida Shimoliy Koreya yadroviy qurol to‘g‘risidagi qonunni qabul qilib, tashqi hujumdan himoyalanish uchun ulardan profilaktik foydalanishga ruxsat berib, o‘zini rasman yadroviy davlat deb e’lon qildi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid