Jahon | 14:04 / 28.10.2022
11833
3 daqiqa o‘qiladi

Bayden Putinning yadro quroli haqidagi so‘zlariga shubha bilan qaradi

Agar Putin taktik yadro qurolini qo‘llamoqchi bo‘lmasa, nega u bu haqda gapiryapti? - deya savol bilan murojaat qildi AQSh prezidenti.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Rossiya Ukrainada yadro qurolidan foydalanish niyatida emasligi haqidagi bayonotiga shubha bilan munosabat bildirdi. 27 oktyabr, payshanba kuni Newsnation nashriga bergan intervyusida Bayden ritorik tarzda shunday savol bilan murojaat qildi: «Agar u buni qilmoqchi bo‘lmasa, nega u bu haqda gapiryapti? Nega u taktik yadro qurolidan foydalanish imkoniyati haqida gapiryapti?». U Putinning bu muammoga yondashuvini «juda xavfli» deb hisoblashini ta’kidlab o‘tdi.

Bir necha soat avval Vladimir Putin «Valday» xalqaro munozara klubining yalpi majlisida so‘zga chiqib, Ukraina go‘yoki «iflos bomba portlatish»ni rejalashtirayotganini aytib, buning uchun Rossiyani ayblamoqchi ekanini bildirdi. «Ular uni «Tochka-U» yoki boshqa joyga yuklab, qurilmani qayerdadir portlatib, Rossiya buni qildi - yadroviy zarba berdi, deyishadi. Lekin biz buni qilishimiz shart emas. Bizga kerak emas - na siyosiy, na harbiy jihatdan», dedi Putin.

Ayni paytda, so‘nggi bir necha hafta ichida Rossiya prezidenti ham, Rossiya rasmiylarining boshqa vakillari ham Moskva o‘z yadroviy doktrinasida nazarda tutilgan holatlarda yadro qurolidan foydalanishi mumkinligini bir necha bor takrorladilar. Bu hujjatda aytilishicha, Rossiya o‘ziga yoki ittifoqdoshlariga yadro quroli yoki boshqa ommaviy qirg‘in qurollaridan foydalangan holda hujumga javoban yoki oddiy qurollar bilan tajovuz sodir etilgan taqdirda, agar «davlatning mavjudligi xavf ostida bo‘lsa, yadroviy quroldan foydalanishi mumkin».

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov 18 oktyabr kuni jurnalistlarning savoliga javob berar ekan, sentabr oxiridagi «referendumlar»dan keyin Rossiya tomonidan annexia qilingan Ukraina hududlari Rossiya yadro arsenali tomonidan himoyalanganligini bilvosita tasdiqladi. «Bu hududlarning barchasi Rossiyaning ajralmas qismidir va shunga ko‘ra, ularning barchasi himoyalangan va xavfsizlik Rossiyaning qolgan hududi bilan bir xil darajada ta’minlangan», — dedi Peskov. 

26 oktyabr kuni Rossiya Mudofaa vazirligi quruqlik, dengiz va havo strategik tiyib turish kuchlari mashg‘ulotlarini e’lon qildi, uning davomida ballistik va qanotli raketalar uchirildi. Vazirlik rahbari Sergey Shoygu o‘shanda harbiylar «dushmanning yadroviy zarbasiga javoban strategik kuchlar tomonidan yirik yadroviy zarba berish vazifalarini ishlab chiqqanini» aytdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid