“Gaz berilmaganida 3 mlrd so‘mlik hosilim nobud bo‘lardi” - buxorolik issiqxonachi
Buxoro viloyatida tabiiy gaz bilan isitiladigan 323 ta issiqxona bor. Ularning 300dan ortig‘iga ogohlantirish xatlari berilgandi. Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishdan so‘ng viloyatda hozirgacha 80ga yaqin issiqxona shartnoma qilinib, tabiiy gazga ulandi.
Birgina Romitan tumanining o‘zida 150dan ortiq issiqxona bor. Ularning aksariyatida eksport uchun pomidor yetishtiriladi. Bu minglab tonna hosil va millionlab dollar mablag‘ degani. Shu sababli qo‘llariga ogohlantirish xati yetib kelgan yoki issiqxonasi gazdan uzilgan “parnik”chilar xavotirga tushdi. Agar o‘sha kunlarda havo harorati tushib ketganida hosil bilan birga qilingan mehnat va xarajat ham yo‘qqa chiqar edi.
Tumandagi «Agro generous profusion» MChJ ish yurituvchisi Hoshim Jalolovning ta’kidlashicha, tabiiy gaz bo‘lmagan kunlari pomidor ko‘chatlari “stress” olgan:
“2 kun gaz uzildi. Hozir yana ulab berishdi. To‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilgan. Mana, endi bu yog‘i yana iziga tushib ketadi. Agar tabiiy gaz ulab berilmaganida kuyardik, shuncha hosilni saqlab qolib bo‘lmasdi. Hosilimiz yomon emas. Gaz uzilganida ko‘chatlarimiz “stress” oldi. Endi ularni yana o‘zining holatiga keltirish kerak”.
“Issiqxonamiz 2 gektar. 1 avgust kuni pomidor ko‘chati o‘tqazganmiz. Xudo xohlasa, yil yakuni bilan tayyor bo‘la boshlaydi. Eksportyor korxonamiz. 200 000 dollar atrofida eksport qilish niyatim bor. Chet davlat bilan shartnoma qilganmiz.
Toshkentdan topshiriq bo‘ldi, deb tabiiy gazni uzishgandi. Shartnomamiz, oldindan to‘lovimiz bor edi. Mana, bugun ertalab qayta ulab, yoqib berishdi, muammo yo‘q. Hozircha hammasi joyida. Qozonxonalarimiz tabiiy gazga moslashgan. Ko‘mir bilan isitishning iloji yo‘q. Chunki zamonaviy issiqxonalar balandligi 8 metr. Faqat gaz bilan isitish mumkin. Agar tabiiy gazni ulab berishmaganida 3-4 mlrd so‘mlik hosilimiz nobud bo‘lardi”, — deydi tumandagi “M.M.Agrolant” MChJ rahbari Shuhrat Sharipov.
Romitan tumani gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘i Zahriddin Qobilovga ko‘ra, hududdagi o‘nga yaqin tabiiy gazdan uzib qo‘yilgan issiqxona tarmoqqa qayta ulab berilgan. Hozirda ikki tomonlama shartnoma qilish va “parnik”larni gazga ulash ishlari davom etmoqda.
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, viloyatda tabiiy gaz bilan isitiladigan 323 ta issiqxona bor. Ularning 300dan ortig‘iga ogohlantirish xatlari berilgan. Hozirgacha 80ga yaqin issiqxona shartnoma qilinib, tabiiy gazga ulangan.
Avvalroq respublika bo‘ylab issiqxonalarni gazdan uzish boshlangani, tadbirkorlar gaz ta’minoti korxonalarining bu harakatlaridan norozi bo‘layotgani haqida xabar berilgandi.
Issiqxonalarni gaz ta’minotidan uzish holati bo‘yicha tadbirkorlarning noroziligidan xabar topgan prezident Shavkat Mirziyoyev zudlik bilan mazkur masalani ko‘rib chiqish uchun administratsiya rahbari Sardor Umrzoqovga tegishli topshiriq bergandi.
Ruslan Saburov,
Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi – Jahongir Aliboyev
Mavzuga oid
21:05 / 22.12.2024
Qatar Yevropaga gaz yetkazib berishni to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qildi
13:29 / 22.12.2024
Samarqandda tabiiy gaz va elektrdan qarzdorlikni yo‘q qilib bermoqchi bo‘lgan xodimlar ushlandi
15:57 / 21.12.2024
O‘zbekistonda gaz, neft va benzin ishlab chiqarish kamayishda davom etyapti
07:40 / 21.12.2024