O‘zbekiston | 07:40 / 29.10.2022
5651
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya TIV rahbari O‘zbekiston va Qozog‘istonga tashrif bilan keladi

Annalena Berbokka Markaziy Osiyo mamlakatlariga tashrifi chog‘ida energetika va infratuzilma sohalariga ixtisoslashgan delegatsiya hamrohlik qiladi.

Foto: Getty Images

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok 30 oktyabr kuni O‘zbekiston va Qozog‘istonga uch kunlik safarini boshlaydi, deb xabar qildi mamlakat TIV matbuot kotibi 28 oktyabr, juma kuni.

Qozog‘iston poytaxti Ostonada Berbok o‘z hamkasbi Muxtor Tleuberdi bilan muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirgan. O‘zbekiston poytaxti Toshkentda vazir mamlakat tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov bilan muzokaralar o‘tkazishi hamda Germaniya-O‘zbekiston ta’lim markaziga tashrif buyurishi rejalashtirilgan. Shundan so‘ng Berbok Samarqand shahrida Germaniya ko‘magida qurilayotgan irrigatsiya tizimlarini borib ko‘radi.

Berbokka energetika va infratuzilma sohasi mutaxassislari delegatsiyasi hamrohlik qiladi, deya xabar berdi Germaniya TIV.

Berbok Markaziy Osiyo respublikalariga tashrifidan so‘ng Germaniyaning Myunster shahrida bo‘lib o‘tadigan "Katta yettilik" mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari sammitiga boradi. Uchrashuvning asosiy mavzulari Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi, Xitoy va Eron bilan munosabatlar bo‘ladi, deb xabar qildi Germaniya TIV matbuot xizmati.

Markaziy Osiyo va Afrika davlatlari bilan aloqalarni rivojlantirish ham kun tartibidagi masalalardan. Sammitda Afrika tashqi ishlar vazirlari va Afrika ittifoqi vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid