O‘zbekiston | 17:15 / 29.10.2022
16046
2 daqiqa o‘qiladi

Oliy sud raisi o‘rinbosari Sirdaryoga sudyalikka yuborildi

2017 yildan buyon Oliy sud raisiga o‘rinbosarlik qilib kelayotgan Baxtiyor Isoqov Sirdaryo viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi lavozimiga qayta tayinlangan.

Baxtiyor Isoqov Foto: Kun.uz

Sudyalar oliy kengashi raisining matbuot kotibi Tursunali Akbarov Kun.uz’ga ushbu o‘zgarish Baxtiyor Isoqovning rahbarlik lavozimidagi vakolat muddati yakuniga yetgani bilan bog‘liq ekanini ma’lum qildi.

“Oliy sudi raisining o‘rinbosari – iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Baxtiyor Isoqovning vakolat muddati yakuniga yetdi. Qonun bo‘yicha rais va uning o‘rinbosarlari 5 yil muddatga tayinlanadi. Masalan, 10 yilga sudyalik lavozimiga tayinlansa, shundan besh yiliga qaysidir sudning raisi yoki o‘rinbosari lavozimiga tayinlanishi mumkin.

Baxtiyor Isoqovning Oliy sud raisi o‘rinbosari lavozimidagi 5 yillik muddati tugadi, lekin sudyalik vakolati yakuniga yetgani yo‘q. Shu sababli u Sudyalar oliy kengashining 28 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida Sirdaryo viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi lavozimiga qayta tayinlandi”, deydi Tursunali Akbarov.

Baxtiyor Isoqov 2017 yili o‘n yil muddatga Oliy cudi raisining o‘rinbosari – iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimiga saylangandi. Ungacha esa Oliy xo‘jalik sudi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. 

Mavzuga oid