Jahon | 09:23 / 31.10.2022
8525
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniyada migrantlar markaziga o‘t qo‘yildi

Buyuk Britaniyaning Duvr shahridagi muhojirlarni qabul qilish markaziga noma’lum shaxs o‘t qo‘yish moslamalarini uloqtirdi. Keyinroq hujum qilgan shaxs o‘lik holda topilgan.

Foto: Reuters

Britaniyaning Duvr port shahrida noma’lum shaxs La-Mansh bo‘g‘ozini noqonuniy kesib o‘tgan muhojirlarni qabul qilish markaziga o‘t qo‘yish moslamalarini uloqtirdi. Ikki kishi yengil tan jarohati oldi. 30 oktyabr, yakshanba kuni Kent grafligi politsiyasi ma’lum qilishicha, ko‘p o‘tmay hujumda gumon qilingan shaxs jinoyat joyi yaqinidagi yonilg‘i quyish shoxobchasida o‘lik holda topilgan.

Reuters xabariga ko‘ra, hujumni oq tanli erkak amalga oshirgan, u oq Seat mashinasida migrantlarni qabul qilish markaziga borib, unga "Molotov kokteyli" uloqtirgan. Shundan so‘ng u yaqin atrofdagi yonilg‘i quyish shoxobchasiga borib, o‘zini o‘ldirgan. Rasmiylar o‘z joniga qasd qilish haqidagi ma’lumotni hali tasdiqlaganicha yo‘q. Irqchilik sabab bo‘lgani taxmin qilinayotgan o‘t qo‘yish holati yuzasidan tergov boshlandi.

Xabarlarga ko‘ra, Duvrda muhojirlarga qarshi namoyishlar muntazam ravishda o‘tkaziladi. Mahalliy deputat Natali Elfikning aytishicha, so‘nggi paytlarda keskinlik yanada kuchaygan. Joriy yilda 38 000 dan ortiq odam La-Manshni noqonuniy kesib o‘tdi, bu 2021 yilga nisbatan sezilarli o‘sishdir. Buyuk Britaniyaning konservativ hukumati muhojirlar oqimini radikal choralar bilan cheklashga harakat qilmoqda - xususan, rasmiylar mamlakatga noqonuniy ravishda kelganlarni Ruandaga chiqarib yuborishni rejalashtiryapti.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid