Jahon | 18:03 / 31.10.2022
29741
10 daqiqa o‘qiladi

Ukraina bo‘ylab raketa zarbalarining yangi to‘lqini. Asosiy ma’lumotlar

Rossiya Ukrainadagi energetika infratuzilma obektlariga dastlabki yoppa hujumdan uch hafta o‘tib yangi zarbalar seriyasini amalga oshirdi. Kiyevda ko‘plab portlashlar ro‘y berdi, Xarkivda metro to‘xtab qoldi, boshqa o‘nlab regionlar rasmiylari muhim infratuzilma obektlariga qilingan hujumlar to‘g‘risida xabar berdi.

Xarkivda elektr o‘chgan bino, 30 oktyabr. Foto: EPA

Dushanba tongida ukrain rasmiylari Kiyev, Xarkiv va boshqa shaharlardagi o‘ta muhim infratuzilmalarga rossiyaliklar tomonidan yoppasiga zarbalar yo‘llangani haqida ma’lum qilishdi. Ikki kun muqaddam Rossiya Ukrainani annexia qilingan Qrim yarimoroli sohillaridagi Qora dengiz flotiga dronlar orqali hujum qilishda ayblagandi.

Ukraina harbiy-havo kuchlari qo‘mondonligi shu kuni tongda havo hujumidan mudofaa tizimlari rossiyaliklar tomonidan uchirilgan qanotli raketalarning 44 tasini tutib qolganini ma’lum qildi. Ukraina harbiylariga ko‘ra, Rossiya jami 50 dan ortiq raketa uchirgan.

Ukrain harbiylari xabarida aytilishicha, Kaspiy dengizi shimoli va Rostov oblastidagi Rossiya samolyotlari X-101 va X-555 rusumli raketalarni uchirishgan.

Rossiya mudofaa vazirligi ham Ukrainaga yangi hujumlar amalga oshirilganini tasdiqladi, vazirlik bayonotida oldingi uch hafta davomida aytilgan so‘zlar takrorlangan: «Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari Ukraina harbiy qo‘mondonligi va energetika tizimlariga uzoq masofaga harakatlanuvchi va yuqori aniqlikdagi qurollar bilan zarbalar berishda davom etdi. Barcha maqsadlarga erishildi. Belgilangan barcha obektlar aniq nishonga olindi».

Kiyev

Soat 8:00 atrofida Kiyev aholisi «ko‘plab portlashlar» ovozini eshitgan. BBC ning Ukrainadagi muxbiri xabar berishicha, shundan keyin uylarda tok va aloqa o‘chib qolgan.

«Muhim infratuzilma obektlari bo‘ylab berilgan zarbalar natijasida poytaxtning bir qismi elektr ta’minotisiz qoldi. Ayrim rayonlarda suv ta’minoti ham yo‘q», deya shaharda tok o‘chganini tasdiqladi mer Vitaliy Klichko. Keyinroq u Kiyevda 350 mingga yaqin kvartirada svet o‘chganini, shaharning 80 foiz qismi ichimlik suvi ta’minotidan uzilganini ma’lum qildi.

Oblast harbiy ma’muriyati rahbari Oleksiy Kuleba esa ertalabki xabarida «raketa hujumlari davom etayotgani», havo hujumidan mudofaa tizimi ham «nishonlar bo‘yicha ishlayotgani»ni aytgan.

Havo trevogasi chog‘ida metroga tushib yashiringan kiyevliklar. 31 oktyabr
Andrii Nesterenko / EPA / Scanpix / LETA

Ukraina prezidenti ofisi rahbari o‘rinbosari Kirill Timoshenko mamlakatdagi muhim infratuzilmalar yoppasiga o‘qqa tutilishi oqibatida elektr ta’minotida favqulodda uzilishlar kuzatilishi kutilayotganidan ogohlantirdi. Kuleba Kiyev oblasti aholisidan elektr energiyasi ko‘p vaqt davomida bo‘lmasligiga tayyorlanishni so‘radi.

Rossiya energetika infratuzilma obektlarini muntazam ravishda o‘qqa tuta boshlagach, uch haftadan buyon Ukrainada elektr energiyasini rejali o‘chirishlar amalga oshirilmoqda. Moskva bu hujumlarni Qrim ko‘prigidagi portlashga javob deb atagan, Ukraina esa bu portlash uchun javobgarlikni zimmasiga olmagan. Rossiyalik harbiylar doimiy ravishda energiya obektlariga zarbalar haqida hisobot berib keladi, ammo butun mamlakat bo‘ylab yoppasiga o‘qqa tutish 10-11 oktyabr kunlari kuzatilgandi.

Bugun esa bu yana ro‘y berdi. 11 oktyabr kuni ukrain harbiylari rossiyaliklar 84 ta raketa (va 24 dona kamikadze dron) uchirgani haqida xabar bergandi, endi esa 50 raketa bilan hujum uyushtirilgani ma’lum qilindi.

Xarkiv

Xarkivda zarbalarning navbatdagi to‘lqini ortidan metro faoliyati to‘xtab qoldi. Mamlakatning boshqa regionlari kabi ushbu hudud rasmiylari ham  davomli zarbalardan maqsad infratuzilma obektlari bo‘lganini ma’lum qildi.

«Xarkivga ikkita raketa uchib keldi. Dushman shahardagi muhim infratuzilma obektlariga zarba berdi», deb yozdi shahar meri Igor Terexov o‘z telegram-kanalida.

«Muhim infratuzilma obektlari shikastlangan. Shu bois elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lishi mumkin. Ayni vaqtda jabrlanganlar haqida ma’lumot yo‘q», degan oblast harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov.

Xarkivda metrodan tashqari trolleybus va tramvaylar harakati ham to‘xtatilgan.

Boshqa regionlar

Ukraina regionlari rasmiylarining yangi zarbalar haqidagi xabarlari bir-biridan farq qilmaydi. Bu xabarlarda deyarli tafsilotlar keltirilmagan.

Zaporijjya, Cherkass va boshqa oblastlar ma’muriyatlari ham rossiyaliklar infratuzilma obektlariga zarbalar bergani va elektr energiyasi ta’minotida muammolar yuzaga kelganini ma’lum qilgan. Cherkass oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Igor Taburets muhim infratuzilma obektlaridan biri zarbaga uchragach, oblastning bir qismida tok o‘chganini aytgan. Boshqa tafsilotlarga aniqlik kiritilmagan.

Zaporijjya oblastida Kiyev oblastida bo‘lgani kabi soat 8:00 da raketa zarbasi berilgan, oblast harbiy ma’muriyati rahbari hujum natijasida muhim infratuzilma obektlari shikastlanganini aytib, tok uzatish bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, jabrlanganlar yo‘q.

Chernovitsk oblasti rahbari Ruslan Zaparanyuk ham «raketa zarbalari oqibatida muhim infratuzilma obektlari shikastlangani» haqida xabar qilgan. «Nima bo‘lganda ham portlash joyini suratga olmang. Rasmiy ma’lumotni kuting», degan u telegram-kanalida boshqa tafsilotlarni keltirmagan holda.

Kirovogradsk oblasti Svetlovodsk rayonidagi energetika obektlaridan biriga raketalar kelib tushgan. Oblast harbiy ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, qurbonlar bo‘lmagan, «yong‘in oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda».

Oxirgi uch oblast gubernatorlari aynan elektr energiyasi obektlari zarbaga uchragani haqida tilga olmagan.

Yelektrovesti nashri tasdiqlashicha, rossiyalik harbiylar uchta yirik gidroelektr stansiyalari bo‘ylab raketa zarbalari yo‘llagan, bular - Dnepr GES, Dnestr GES va Kremenchug GES. Dnepr GES - Zaporijjya oblastida, Kremenchug GES Kirovogradsk oblastida, Dnestr GES esa - Chernovitsk oblastida joylashgan.

Zaporijjya oblastining Rossiya tomonidan bosib olingan qismiga tayinlangan rahbar Vladimir Rogov ham Dnepr GES bo‘ylab zarba berilganini tasdiqlagan. Uning ma’lumotiga ko‘ra, GES atrofidagi nimstansiyaga raketa kelib tushgan, shundan keyin «shaharda elektr ta’minotida yirik uzilishlar boshlangan».

Dnepropetrovsk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Valentin Reznichenko telegram-kanalida Dnepr va Pavlodarda energetika infratuzilma obektlariga zarbalar oqibatida jiddiy vayrongarchiliklar yuzaga kelganini ma’lum qilgan. Krivoy Rog shahri ma’muriyati rahbari Oleksandr Vilkul shahardagi sanoat korxonasiga raketa kelib tushganini ma’lum qilgan.

Vinnitsa oblasti gubernatori Sergey Borzov urib tushirilgan raketa fuqarolik obektiga tushgani, vayrongarchiliklar borligini xabar qilgan. Bu region odatda rossiyaliklar zarbalaridan chetda qoladi. Istisno holat - iyul oyida Ofitserlar uyida ro‘y bergan portlash, o‘shanda qurbonlar soni 27 kishini tashkil etgandi. 11 oktyabr kuni Vinnitsa oblastida Ladijinskaya IESga kamikadze dronlar hujumi kuzatilgandi. Borzov bu safar ham IESga zarba berilganiga aniqlik kiritmagan.

Lviv oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Maksim Kozitskiy rossiyaliklarning raketalari havo hujumidan mudofaa tizimlari orqali urib tushirilganini ma’lum qilgan.

Ukraina nashrlari Jitomir, Cherkass, Rovno va boshqa oblastlarda ham portlashlar kuzatilganini xabar qilgan. Ukraina hukumati Volinsk oblasti osmonida raketa urib tushirilgani haqidagi xabarni tasdiqlamadi.

Ukraina temiryo‘llari energetika obektlari o‘qqa tutilishi oqibatida yo‘llarda ayrim uchastkalar elektrsiz qolganini ma’lum qildi. Bu liniyalarga zaxiradan teplovozlar chiqarilgan.

Qora dengiz flotiga hujumdan keyin

Shanba kuni Rossiya ukrain dronlari annexia qilingan Sevastopoldagi Qora dengiz flotiga hujum qilgani haqida xabar berdi. Rossiyalik harbiylar hisobotiga ko‘ra, hujumda to‘qqizta uchuvchisiz uchish qurilmasi va yettita dengiz droni ishtirok etgan.

Kiyev bu hujum uchun javobgarlikni zimmasiga olmadi. Amerikadagi Urushlarni tadqiq etish instituti (ISW) esa buxta va harbiy kemalarga Ukraina kuchlari hujum qilgan degan xulosaga keldi. Ekspertlar hujum maqsadi «Admiral Grigorovich» tipidagi fregat bo‘lganini aytishdi. Qora dengiz floti tarkibida bunday fregatlardan uchtasi bor - «Admiral Grigorovich», «Admiral Essen» va «Admiral Makarov». Ularning barchasi «Kalibr» rusumli qanotli raketalar uchirishi mumkin.

«Agar Kiyev bu hujumga buyruq bergan bo‘lsa, bu rossiyaliklarning so‘nggi haftalarda Ukraina bo‘ylab fuqarolik obektlariga amalga oshirayotgan keng ko‘lamli hujumlariga mutanosib va hatto tiyib turuvchi javob bo‘lardi», deb hisoblaydi ISW ekspertlari.

Rossiya mudofaa vazirligi hujum natijasida dengiz ostini minalardan tozalovchi «Ivan Golubets» kemasi qisman shikastlanganini ma’lum qilgan. Amerika instituti esa rossiyalik harbiylar doim o‘ziga yetkazilgan zararni kamaytirib ko‘rsatishini eslatgan.

Rossiyaning Qora dengiz flotiga hujumga ilk javobi iyul oyida BMT va Turkiya sa’y-harakatlari bilan erishilgan «bug‘doy kelishuvi»dan chiqish bo‘ldi. Bu kelishuv Ukrain portlarini blokdan yechish va bug‘doy eksportini tiklash imkonini bergandi.

Moskvaning versiyasiga ko‘ra, nishonga olingan harbiy kemalar go‘yoki Qora dengizda «bug‘doy koridorlari» mavjud bo‘lishini ta’minlagan. Kiyev bu izohni qabul qilmadi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya Ukrainadan bug‘doy eksporti to‘xtashi uchun bahona qidirganini aytdi.

Mavzuga oid